Faol ishbilarmonlik muhiti yangi biznesmenlar sonini ko‘paytirmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan bosib o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, har bir soha va yo‘nalishda qator natijalarga erishilganiga guvoh bo‘lamiz. Birgina tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar tufayli yurtimizda tadbirkorlik faoliyati jadal rivojlanmoqda. Yangi sub’ektlar soni ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi. 2025–2030-yillarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasining tasdiqlanishi esa sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim huquqiy va institutsional asos yaratdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Istiqlol yillarida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasidagi islohotlar jarayonida parlamentning o‘rni va roli” mavzusida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Xakimov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida xususiy mulkni himoya qilish, tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes yuritish uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston biznes yuritish uchun qulay mamlakatga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda sohaga doir ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Natijada tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularda korporativ boshqaruvni tartibli va mas’uliyatli qilish, ko‘chmas mulk bozorini professional, shaffof va ishonchli tizimga aylantirishning huquqiy poydevori mustahkamlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tadbirkorlarning ovozini eshitish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga bevosita yechim topish, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Quyi palatada Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining tashkil etilishi tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini parlament darajasida ifoda etish, sohadagi dolzarb masalalarni tizimli ravishda ko‘rib chiqish, shuningdek, davlat va biznes o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qo‘mita a’zolarining hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari, sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridagi o‘rganishlari, kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvlari davomida sohaga oid masalalar hal etilmoqda, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olinmoqda. Bu o‘z navbatida, parlament va biznes o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Muloqot davomida turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z tajribasi, sohadagi imkoniyatlar va amaliyotda uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, parlament va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “Parlament — tadbirkor” o‘zaro muloqot platformasini ishga tushirish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur platforma ularning muammolari, taklif va tashabbuslarini muntazam muhokama qilish, ularni qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga jalb qilish hamda sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishda alohida maydon vazifasini o‘taydi.
Tadbir yakunida biznes vakillarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
M.Komilova, O‘zA