FAO ko‘magida yangi laboratoriya ishga tushirildi
Toshkent davlat agrar universitetida 24 fevral kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO ko‘magida yangi geografik axborot tizimlari (GAT) laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Laboratoriya "Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish" (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi. U eng zamonaviy kompyuterlar, server, tuproq xaritalarini chop etish va GPS qurilmalari bilan jihozlangan.
– GAT laboratoriyasi uchun sotib olingan ilg‘or uskunalar fazoviy va geoaxborot ma’lumotlarini ishlab chiqish va almashish, yer resurslaridan samarali foydalanish va boshqarish uchun keng imkoniyatlar yaratadi, – deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Markaziy Osiyoda geografik axborot tizimlari imkoniyatlari mintaqadagi o‘rganilmagan va kamayib borayotgan resurslarning real holatini aniqlashda asosiy rol o‘ynaydi.

Geoaxborot texnologiyalari yerlarning degradatsiya jarayonlarini o‘rganish va xaritalash, tuproq holatini tahlil qilishning samarali va tezkor axborot tizimlarini yaratish, tadqiq etiladigan hudud to‘g‘risida tez va sifatli ma’lumot olish, masofadan zondlash ma’lumotlariga ishlov berish orqali ko‘p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beradi. Mazkur laboratoriya geografik axborot tizimlari va fazoviy ma’lumotlarni tahlil qilishda talabalar va amaliyotchilar uchun o‘quv markazi sifatida xizmat ko‘rsatadi.
– Zamonaviy geografik axborot tizimlari tadqiqotlarning barcha sohalari uchun zarur bo‘lib, ham ilmiy, ham ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi. Bu yo‘nalishda katta imkoniyatlar ochayotgan yangi laboratoriyani tashkil etishda amaliy yordam bergani uchun FAOga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botir Sulaymonov.

Ochilish marosimida yangi laboratoriyaning ishlash jarayoni taqdimot qilindi. Ishtirokchilar uning imkoniyatlari bilan tanishdi.
Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlaridan foydalanishni yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompeks boshqarish bo‘yicha amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish CACILM-2 loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Ushbu loyiha BMTning Qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish va Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyalarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va O‘zgidromet O‘zbekistonda loyiha hamkorlari hisoblanadi.
O‘zA