Fanlar akademiyasi: Olima ayollar soni ortmoqda
Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab “Olima ayollar – e’tiborda” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
– Bugun Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat olib borayotgan ayollarni raqamlar bilan ko‘rsatadigan bo‘lsak, ilm-fanga xotin-qizlarning kirib kelish surati keskin ortganini ko‘rish mumkin, – deydi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi ilmiy bo‘lim boshlig‘i, falsafa fanlari doktori Dilafro‘z Karimova. – Masalan, akademiya tizimida jami xodimlar soni 5 ming 337 nafarni tashkil etsa, shundan 2 ming 81 nafari ayollardan iborat. Ilmiy xodimlar soni 2 ming 833 nafar, shundan 927 nafari ayollar. Jami fan doktorlari 490 nafar bo‘lsa, shundan 109 nafarini ayollar tashkil etadi.

Tadbir doirasida “Issiq non” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ba’zan hayot toshdan qattiq tirikchilik yukini ayolning nozik yelkasiga ortadi. Filmning ssenariy muallifi va rejissyor Umid Hamdamov “Issiq non” filmida uch avlodga mansub to‘rt ayolni hayot sinovlari qarshisiga qo‘yadi.

– Ular o‘zaro ziddiyatlararo to‘qnashsalar-da, bu turli tabiatli ayollarni hayotga bo‘lgan muhabbat birlashtirib turadi, – deydi Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlari bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori Nodira Mustafoyeva. – Eng kenja avlod vakilasi, o‘tish davridagi 14 yoshli Zulfiyaning oilasini birlashtirish, oilasiga qaytish uchun kuyib-pishishlari ayniqsa, otalarni befarq qoldirmaydi. Zulfiya orzulari yo‘lida qoqiladi, turadi, lekin ulardan voz kechmaydi.

Tadbirda Fanlar akademiyasining 36 ta ilmiy tadqiqot institutlarida faoliyat olib borayotgan olima ayollar ishtirok etdi.
N.Rahmonova,
O‘zA