Fan olimpiadalari adolatli va shaffof oʻtyaptimi?
Fan olimpiadasining ilk kunida 9-sinflardan 529 nafar, 11-sinflardan 373 nafar oʻquvchi qatnashdi.
Yurtimizdagi barcha umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida 3-chorak boshlanguniga qadar boʻlib oʻtadigan respublika fan olimpiadasining ikkinchi bosqichi boshlandi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 31 ta umumtaʼlim maktabi 9-10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida ham 17 ta fan boʻyicha olimpiadaning 2-bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Olimpiada jarayonlari adolatli, shaffof oʻtishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Tashkiliy qoʻmita, hakamlar hayʼati, apellyatsiya komissiyasi va hayʼat tarkibi roʻyxati tuzildi.
Fan olimpiadasining ilk kunida 9-sinflardan 529 nafar, 11-sinflardan 373 nafar oʻquvchi qatnashdi.
Ertaga, yaʼni 7-yanvar kuni yakuniga yetadigan fan olimpiadasida 150 ga yaqin kuzatuvchi, 21 ta apellyatsiya komissiyasi, 170 ga yaqin barcha fanlar boʻyicha hakamlar hayʼati ishtirok etadi. Oʻziga ishongan oʻquvchilar bilimlarini qayta sinab koʻrish taklifini bildirsa, kerakli tartibda murojaat qilishi mumkinligi alohida tushuntirilmoqda.
– Pedagoglarning ilgʻor ish tajribasini ommalashtirish, oʻquv tajriba jarayonini zamonaviy talablar darajasiga koʻtarish, fan oʻqituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, oʻquv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish va boshqarish, yuqori sifat koʻrsatkichiga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi albatta, – deydi xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Yaxshigul Shodiyeva. – Buning uchun avvalo taʼlimning mazmunini, uning ilmiy-nazariy va metodik saviyasini oshirish, oʻqituvchilarning metodik taʼminoti va ularga koʻrsatilayotgan metodik yordamni yaxshilash, tobora takomillashtirib borish, oʻqituvchining kasbiy mahoratini va nufuzini oshirish zarur. Bu borada oʻtgan 2019-yil davomida tuman tasarrufidagi maktablarda faoliyat yuritayotgan rahbarlar va pedagog xodimlar malaka oshirdi. Malakali oʻqituvchilardan taʼlim olayotgan oʻquvchilar bilimlarini baholash maqsadida tashkil etilgan olimpiada musobaqalari oʻquvchilarni oʻzlashtirgan bilimlari hamda iqtidor va qobiliyatlarini namoyish etib beradi. Olimpiada jarayonlari adolatli oʻtishi uchun kuchli pedagoglarimizdan iborat hakamlar shakllantirilgan.
Maʼlumot uchun, mazkur tuman xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufida 31 ta umumtaʼlim maktabi va 2 ta maxsus maktab-internati faoliyat yuritib jami 45 ming 632 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Zamonaviy taʼlim muassasalarida sifatli taʼlim-tarbiyani tashkil etish kadrlar sifat tarkibiga bogʻliq. 2019-yilning 9 oy davomida umumtaʼlim muassasalarida jami 2 ming 277 nafar pedagog faoliyat koʻrsatib kelgan boʻlib, ularning 2 ming 163 nafari oliy maʼlumotli, 49 nafari tugallanmagan oliy maʼlumotli, oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilar esa 65 nafarni tashkil etadi.
Ushbu bosqich saralashdan oʻtgan oʻquvchilar keyingi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritadi.