Facebook nomi Metaga o‘zgardi
Facebook o‘z nomini Metaga o‘zgartirdi. Bu haqda kompaniya rahbari Mark Sukerberg rebrending bo‘yicha yillik dasturchilar konferensiyasida e’lon qildi.
– Kompaniyamiz bugundan boshlab Meta deb nomlanadi, yangi atama tashkilotning joriy faoliyatiga mos keladi. Endi xizmatlarimizga murojaat qilish uchun Facebook nomidan foydalanish shart emas, – degan Sukerberg.
Meta – bu “Metaverse” so‘zining asosi bo‘lib, internetning kelajakdagi idrok etilayotgan virtual olami, virtual kengliklari deya talqin qilinadi.
BBC xabar berishicha, Facebook kompaniyasi yaqinda odamlar ishlashi, o‘yin o‘ynashi va muloqot qilishi mumkin bo‘lgan onlayn olam yaratish haqidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan edi.
Kompaniya rahbari keyingi o‘n yillikka kelib milliardga yaqin odam “Metaverse” shiori ostida ushbu tarmoqdan foydalanadi, deb kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Instagram ijtimoiy tarmog‘i hamda WhatsApp messenjeri Facebook kompaniyasiga qarashli. Ammo ushbu ilovalar har doimgi nomda faoliyat yuritishda davom etadi.