Ezgulikka yo‘g‘rilgan amallar bardavom
Yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan Navro‘zi Olamni chin ma’noda mehr-muruvvat va saxovat bayrami desak, adashmaymiz. Bayram munosabati bilan xayr-u saxovatga yo‘g‘rilgan amallar yanada keng quloch yozadi.
Jumladan, umumxalq bayramlarida Muruvvat va Saxovat uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilariga bayramona kayfiyat ulashish, ehtiyojmand, bemor, keksa va mehnat faxriylarini yo‘qlash Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida an’anaga aylangan.
Ayniqsa, maxsus internat tarbiyalanuvchilari bo‘lgan bolajonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning, ularning quvonchiga sherik bo‘lishning savobi o‘zgacha.

Olmaliq shahridagi Toshkent viloyati 80-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maxsus maktab internati 1961-yilda tashkil topgan bo‘lib 360 o‘ringa ega.
Bugungi kunda muassasada hududlardan kelishgan 172 nafar o‘quvchi tarbiyalanmoqda.
Bolalarga maxsus dasturlar asosida korreksion fanlardan dars beriladi. O‘qituvchilarning barchasi surdo bo‘yicha mutaxassis.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan maktab-internatiga doimiy homiylik yordamlari ko‘rsatib kelinadi.

Har bayramda bolalar uchun dasturxon bezatilib, sovg‘alar ulashiladi. Joriy o‘quv yilida kombinat tomonidan o‘quvchilarga maktab formalari hadya qilingan edi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan kombinat Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi tomonidan maktabda tashkil etilgan bayram dasturi internat tarbiyalanuvchilari uchun quvonch va shodlikka boy bo‘ldi. Bayram dasturxoni atrofida jamul-jam bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning beg‘ubor nigohlaridagi minnatdorlik tuyg‘ulari yaxshilik va yaxshi amalning naqadar yoqimli ekanini eslatadi.
OKMK Axborot xizmati