Ezgu ma’rifiy g‘oyalar targ‘iboti yo‘lida
Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Imom Buxoriy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuniga sharh hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda markaz rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Imom Buxoriy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonunning mohiyati to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Matbuot anjumanining asosiy qismida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Markazda joriy yilning 1-yarim yilligida bajarilgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda
Xalqaro aloqalar yo‘nalishida markazda 5 ta xalqaro konferensiya va 9 ta xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Malayziya Islom ilmiy universiteti bilan hamkorlikka oid memorandum imzolandi. Ayni paytda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy veb-forum tashkil etildi.
Ma’naviy targ‘ibot yo‘nalishida ham bir qator loyihalar hayotga joriy etildi. Ta’lim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlarida "O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti", "Jaholatga qarshi ma’rifat" shiori ostida 24 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir, seminar, uchrashuv, kitoblar taqdimoti, teleko‘rsatuv, davra suhbatlari, targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkazildi. Internet va ijtimoiy tarmoq saytlarida Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga doir 622 ta ma’lumot e’lon qilindi. Yurtimiz va xorijiy media tuzilmalarida buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyati, ma’rifiy qadriyatlarimiz mohiyati ochib berilgan ko‘rsatuv, eshittirish, tahliliy materiallar xalqimiz va xorijliklarga taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
O‘zA