"Euronews" Parkent uzumidan Surxondaryo bodomigacha so‘z yuritdi
“Euronews” O‘zbekistonning mavsumiy hosili, qishloq xo‘jaligi va agroturizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
“Yerdan dasturxongacha: O‘zbekistonning mavsumiy hosili izidan” nomli materialda mamlakatning turli hududlaridagi hosil mavsumi, fermer mehnati va qishloq hayotiga alohida e’tibor qaratilgan.
Nashr Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi uzumzorni misol qilib, 2006-yilda tashkil etilgan Iskandar O‘rmonovning oilaviy uzumzori va uning organik ishlab chiqarishga o‘tish rejalari haqida ham so‘z yuritgan. Uzumning “Toifi”, “Rizamat” va “Kishmish” kabi navlari haqida ma’lumot berilgan.
Shuningdek, “Euronews” Jizzaxdagi qovun-tarvuz yetishtirish jarayoniga ham alohida to‘xtalgan. Muallif “Mirzacho‘l qovuni”ning o‘ziga xos ta’mi, fermerlarning yangi nav ustidagi ishlari va “bir dala – bir mahsulot” usulini joriy etish jarayonini qayd etgan. Mahalliy aholi qovun-tarvuz tanlashdagi an’anaviy tajribasi ham materialdan o‘rin olgan.
Surxondaryo haqidagi qismida esa viloyatning iliq iqlimi tufayli meva ertaroq yetilishiga e’tibor qaratilgan. Nashr 10 gektarlik bog‘da yetishtirilayotgan olma, shaftoli, olxo‘ri, uzum, shuningdek, tomchilatib sug‘orish va asalaridan foydalanish tajribasini keltirgan. Maqolada Surxondaryoda bodom yetishtirish rivojlanib borayotganiga urg‘u berilgan. Minglab gektar maydonda bodomzor barpo etilgani, hosilning qariyb 70 foizi eksport qilinayotgani ta’kidlangan.
D.HAKIMOV, O‘zA