E’tirof va rag‘bat muvaffaqiyatga yetaklaydi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda balki sport sohasida ham 2021 yilni qator yutuqlar bilan yakunlamoqda. Xususan, futbol bo‘yicha AGMK jamoasi superligada 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, AGMK U21 jamoasi 1-o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, voleybol bo‘yicha AGMK erkaklar jamoasi mamlakat chempionatida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Superkubokni ham qo‘lga kiritdi. Gandbol bo‘yicha AGMK erkaklar jamoasi 2021 yilda mamlakat chempioni bo‘lib, mamlakat va mustaqillik kuboklariga sazovor bo‘ldi. Ushbu sport turida AGMK ayollar jamoasi turnir jadvalida 2-o‘rinni band etgan holda, mamlakat kubogiga ega chiqdi.

Basketbol bo‘yicha AGMK ayollar jamoasi ham chempion bo‘lib, mamlakat hamda mustaqillik kubogini qo‘lga kiritganini alohida qayd etish joiz. Kombinatning futzal jamoasi esa kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, AGMK U-21 jamoasi murabbiyi A’zam Sherg‘oziyev “O‘zbekistonning eng yaxshi yoshlar murabbiyi” , AGMK-W jamoasi murabbiysi Ilhom Xanjariyev “O‘zbekistonning eng yaxshi ayollar murabbiyi” sovrinlari bilan taqdirlandi.
“Metallurg” madaniyat saroyida yuqorida nomlari zikr etilgan jamoalar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda, O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi vitse prezidenti Odil Ahmedov, O‘zbekiston professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev hamda OKMK boshqaruvi raisi, AGMK FK prezidenti Abdulla Xursanov, AGMK FK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi, AGMK FK prezidenti Abdulla Xursanov kombinatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, kombinat nafaqat ishlab chiqarishda balki sportda ham olamshumul yutuqlarga erishayotganini ta’kidladi. Barchani yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutlab, 2022 yilda ham bu kabi yutuqlar bardavom bo‘lishini tiladi.
Taqdirlash marosimida AGMK FK jamoasiga bronza medalllari, AGMK U21 jamoasiga oltin medallar tantanali ravishda topshirildi. Bundan tashqari, gandbol, voleybol va basketbol jamoalariga ham medallar va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Paralimpiya o‘yinlarida 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritgan Islam Aslanov ham kombinat rahbariyati tomonidan qimmatbaho sovg‘a bilan mukofotlandi. Marosimda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi jismoniy tarbiya-sport bo‘limi boshlig‘i Hokim Boxirov ham rag‘batlantirildi.
San’at ustalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Musayev, O‘zA.