E’tirof va e’zozga munosib kasb egalari
Dunyodagi eng bebaho boylik – aqlu zakovat, ilm va boqiy meros – yaxshi tarbiyani xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlar har qancha sharafu e’zozga munosib.
Dunyodagi eng bebaho boylik – aqlu zakovat, ilm va boqiy meros – yaxshi tarbiyani xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlar har qancha sharafu e’zozga munosib.

Yangi O‘zbekistonning bugungi istiqbol odimlarida, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, islohotlarni ro‘yobga chiqarish va yangilanishlar jarayonida ta’lim sohasi vakillari munosib mehnat qilmoqda. Ular nafaqat ma’rifat bog‘ining bog‘bonlari, kelajak bunyodkori, yosh avlodni ilmu ma’rifat bilan yuksak marralar sari yetaklayotgan fidoyilar, balki islohotlarning faol ishtiroyechisidir.

Namanganda viloyatdagi ta’lim tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan faxriy pedagoglar, maorifchilar, ustoz-muallimlar, xalq ta’limi tizimi xodimlari, maktabgacha ta’lim, o‘rta-maxsus va oliy ta’lim dargohlarida faoliyat olib borayotgan bir guruh fidoyi ustoz-muallimlar, sport muassasalari murabbiylari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimizning fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Muallimlarning kasb bayrami oldidan davlatimizning yuksak mukofotlari – orden va medallarga sazovor bo‘lgan ta’lim sohasining 12 nafar jonkuyarlari qutlandi.
Mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 29 sentyabrdagi farmoni bilan ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va jamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun taqdirlangan o‘qituvchi va murabbiylarga davlat mukofotlari topshirildi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar birgina, Namangan viloyati misolida, yil sayin o‘z ijobiy samaralarini bermoqda. Xususan, uzoq yillar davomida rivojlanishdan ortda qolgan ta’limning dastlabki bo‘g‘ini – maktabgacha ta’limda bundan besh yil avval 24 foizlik qamrovda qolib ketgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 70,1 foizga yetdi. Bolalar bog‘chalari soni 472 tadan 2 ming 556 taga, ularda tarbiyalanayotgan farzandlarimiz esa, 49 ming 918 nafardan 171 ming 240 nafarga ortgan.
Qolaversa, viloyatdagi 712 ta maktabda faoliyat yuritayotgan 38 mingdan ziyod ustoz-murabbiy 509 mingdan ortiq o‘quvchiga bilim berishda ta’lim sifati va mazmuniga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Darvoqe, tizimda shu yilning o‘zida to‘qqizta, o‘tgan besh yil davomida esa 26 ta yangi maktab qurib foydalanishga topshirildi. Ayni paytda soha fidoiylari orasidan 65 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi a’lochisi”, 15 nafari esa “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni, sakkiz nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar ham sezilarli. Buning yorqin isbotini, birgina, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar soni 89 tadan 177 taga ortgani, kafedralar soni 67 tadan 94 taga, fakultetlar soni 13 tadan 28 taga ko‘payganida ko‘rish mumkin. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishi 30 nafardan 207 nafarga, ixtisosliklar soni esa 58 taga yetkazildi. Viloyatdagi uchta oliy o‘quv yurtida ilmiy darajalar beruvchi 10 ta ixtisoslashgan ilmiy kengash tashkil etildi.
- To‘raqo‘rg‘on tumanining chekka va olis hududi - Axsi qishlog‘idagi 22-sonli umumta’lim maktabida 25 yildan buyon fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib, faoliyat yuritib kelmoqdaman, - deydi Prezident farmoni bilan “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rilgan Dilobarxon Abdullayeva. - Maktabimiz rekonstruksiya qilinib, markazdagi ilm maskanlaridan qolishmaydigan darajaga yetkazildi. Kasbimga yangicha yondashuv, yangicha fikrlash va qalb qo‘’rim, bor mehr bilan yondoshaman. Kamtarona mehnatlarim yuksak darajada qadrlanganidan xursandman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA