Eski tramvay yo‘lida yashil hudud barpo etilmoqda
Toshkent shahar hokimligi va shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan poytaxtimizda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, markaziy va ichki ko‘chalarni ta’mirlash, yo‘llarning holatini yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Unda jurnalistlar hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda. Ilk manzil Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasidagi eski tramvay yo‘li bilan ataladigan hudud bo‘ldi.

– Bunyodkor shoh ko‘chasi bo‘ylab o‘rtacha 3 kilometr masofada bunyod etilgan yashil hududda 21 nafar obodonlashtirish xodimi ishlaydi, – deydi Chilonzor tumani obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Barno Mavlonova. – Noyob daraxtlar borligi uchun maxsus ishchilar, daraxtlarni yaxshi parvarish qiladigan mutaxassislarni jalb qilganmiz. Olma daraxtlari ekilgan. Bu daraxtlardan meva olish uchun emas, shahar go‘zalligiga hissa qo‘shishi uchun ekilgan. Daraxtlar tez-tez sug‘orilib turiladi. Bir vaqtlar eski tramvay yo‘li bo‘lgan ushbu hududda turli o‘simliklar, 800 ga yaqin qimmatbaho daraxtlar ekilib, yashil maydon hosil qilingan.
D. Mamatova, O‘zA