Ertangi hosilga harakat bugundan boshlanadi
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yangi za’faron mavsumi oldidan tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus olmoqda. Tumandagi “BMB Opera Zafferano” hamda “BMB Shifo” korxonalarida yangi hosil uchun zarur agrotexnik tadbirlar izchil amalga oshirilib, dalalarda mavsumning har bir bosqichiga puxta zamin yaratilmoqda.
Ayni paytda yer maydonlarini tayyorlash, piyozboshlarni parvarishlash va za’faron yetishtirish bilan bog‘liq boshqa zarur agrotexnik ishlar o‘z vaqtida bajarilmoqda. Zero, za’faronchilikda natija faqat hosil miqdori bilan emas, balki mahsulotning sifati, yetishtirish jarayonining to‘g‘ri tashkil etilishi va belgilangan texnologiyalarga qat’iy amal qilinishi bilan ham baholanadi.

Za’faron – dunyodagi eng qimmatbaho qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan biri. Uning oziq-ovqat, farmatsevtika va kosmetika sanoatida keng qo‘llanilishi mazkur ekinni yetishtirishga bo‘lgan e’tiborni yanada oshiradi. Shu bois piyozboshni tanlash va parvarishlashdan tortib, nozik gullarni o‘z vaqtida yig‘ib olishgacha bo‘lgan har bir jarayon alohida mas’uliyat va aniq agrotexnologik yondashuvni talab etadi.

Baxmaldagi korxonalar faoliyatida esa bu yo‘nalishni kelgusida yanada rivojlantirish, xususan, za’faron plantatsiyalarini kengaytirish maqsadi ustuvor vazifalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu maqsadda sifatli piyozboshlarni “BMB H98” mutaxassislarining o‘zlari yetishtirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bu esa yangi maydonlarni barpo etish, zarur sifatdagi piyozboshlar bilan barqaror ta’minlanish va za’faronchilikni uzoq muddatli, tizimli yo‘nalish sifatida rivojlantirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Tabiiyki, har bir hosil mavsumi zamirida ungacha qilingan mehnat, e’tibor va puxta tayyorgarlik mujassam. Baxmalda bugun dalalarda kechayotgan agrotexnik jarayonlar ham ana shu haqiqatni tasdiqlaydi. Zero, yerga berilgan bugungi mehr va sifatga qaratilgan e’tibor ertaga oltinrang za’faron hosili bo‘lib namoyon bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri