Eronda zilzilami yo yadro sinovi?
Eronning Semnan viloyatida zilzila kuzatilgani haqidagi xabarlardan bir necha kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqda yer silkinishiga mamlakatning birinchi yadroviy sinovi sabab, degan taxminlar urchidi.
Tehron universiteti seysmografiya markazi 5 oktyabr kuni soat 22:45 da Aradan shahrida 4,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani, poytaxt sharqidagi ba’zi joylarda ham zamin qimirlaganini ma’lum qildi.
Markaziy nuqtasi 12 km chuqurlikda joylashgan tabiiy hodisa shimolga 35,42°, sharqqa qarab 52,78° tarqalgani qayd etildi.
Shu xabar chiqqandan keyin, bir necha soat o‘tib, ijtimoiy tarmoqda Tehron Isroil hujumini to‘xtatuvchi chora sifatida ilk yer osti yadroviy sinovini o‘tkazishga uringan, degan taxminlar paydo bo‘ldi. Ayni faraz Islom Respublikasi rasmiylari va Inqilobiy Gvardiya qo‘mondonlari mamlakatga iqtisodiy, siyosiy va harbiy bosim kuchaysa, Tehron o‘z harbiy mudofaa doktrinasini o‘zgartiradi, deya qayta-qayta tahdid qilgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Eron Milliy Xavfsizlik Kengashi asosiy axborot vositasi sifatida norasmiy faoliyat yurituvchi “Nor News” yangiliklar sayti esa xabarni “mish-mish” sifatida rad etdi va bunday amaliyot mamlakatning yadroviy va mudofaa doktrinasiga zidligini ta’kidladi.
Shunga qaramay, “Eron hech qachon siyosatdagi o‘zgarishni e’lon qilmasdan turib, bunday sinov o‘tkazmaydi” mazmunidagi fikr, xato chiqishi ham mumkin.
Yashirin sinov maydonlari bormi?
2019 yil Vashingtonda joylashgan Demokratiya mudofaasi jamg‘armasi Eron “Dala loyihasi” nomli yer osti yadro sinovi maydonchalari qurish dasturini yo‘lga qo‘ygani haqida e’lon qilgan edi. Ushbu fond Eron Tashqi ishlar vazirligi tomonidan besh yil davomida “Iqtisodiy sanksiyani qo‘llash va kuchaytirish samarasini ta’minlash maqsadida Islom Respublikasiga qarshi yolg‘on ma’lumot tarqatish, shunday yondashuvni rag‘batlantirish, zarur holda maslahatlashish, tilyog‘lamachilikka asoslangan va salbiy targ‘ibot olib borish kampaniyasi” uchun qarshi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.
2019 yil hisobotida tadqiqotchilar “2003 yil yer osti yadroviy portlovchi moddasi rentabelligini o‘lchashning seysmik usullarini ishlab chiqish doirasida yer ostida yadroviy bo‘lmagan portlovchi moddalar sinovlari o‘tkazilgan joyni aniqlagan”i oshkor qilingan.
Bu izoh oxirgi zilzila Tehronning birinchi yadroviy sinovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan taxminni kuchaytiradi.
Eron avvalroq Semnan shahridan janubi-sharqda “Imom Humayniy” fazoviy markazi va raketa qarorgohi mavjudligini tan olgan, biroq bu ob’ekt zilzila markaziy nuqtasidan 100 kilometr masofada joylashgan.
Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Eron Semnanda oshkor qilinmagan yer osti yadroviy inshootiga ega bo‘lishi ehtimolini istisno qilmayapti. Ya’ni, sinov o‘tkazish uchun Natanz kabi tanish joy emas, balki yangi maydonchadan foydalanish afzal ko‘rilgani xususidagi taxmin yangrayapti.
Tehron odatda Atom energiyasi bo‘yicha yadroviy faoliyati to‘g‘risida xalqaro agentlikka hamma ma’lumotni ham beravermaydi. Qolaversa, zilzilaga moyil hudud sifatida, ko‘pincha, yer silkinishi ushbu mamlakat uchun tabiiy hol tarzida qabul qilinadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA