Eron yangi AES qura boshladi
Eron mamlakat g‘arbida “Karun” nomli yangi atom elektr stansiyasi qurilishini boshladi, deb bayonot berdi Islom Respublikasi vitse-prezidenti, atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy.
“Tasnim” agentligi yozishicha, mazkur AES ichki infratuzilmasini shakllantirish, majmuani texnik jihozlash bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
Mulozim ma’lum qilishicha, yangi stansiyaning energiya quvvati 300 MVt.
Ayni payt Eronda faqat bitta, Busherdagi AES faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ob’ektni bunyod etish ishlari Rossiya ishtirokida kechyapti. Birinchi bosqich milliy energiya tizimiga 2011 yil ulangan. Ikkinchi bosqich qurilishi davom etyapti, uchinchi blokni qurish to‘g‘risida bitim imzolangan.