Eron – Isroil: ziddiyat hali yumshamaydi(mi?)
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroilning vatan tuprog‘iga qarshi sa’y-harakatiga mamlakat “munosib javob berishi”ni ma’lum qildi.
Isroil shanba kuni erta tong Erondagi ba’zi harbiy ob’ektlarga havo hujumi uyushtirdi. Shu munosabat bilan Tehronda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida davlat rahbari mamlakatning oldindagi azmi qarorini bayon etdi.
– Biz urush istamaymiz, lekin xalqimiz va davlatimiz huquqini himoya qilamiz hamda Isroil “tajovuz”iga munosib javob beramiz, – dedi Pezeshkiyon.
Eron hukumati Isroil tarafdorlari, birinchi navbatda AQSHni o‘n minglab ayollar va bolalar o‘limida ayblagan.
– Agar tajovuz va jinoyat davom etsa, G‘arbiy Osiyo mintaqasida keskinlik yanada kuchayadi, – deyilgan bayonotda. – Kundek ravshanki, Isroil bu falokatlarni yuzaga keltirishi uchun Qo‘shma Shtatlar ig‘vo uyushtirmoqda. Avvaliga biz vazmin bo‘lsak, urushni to‘xtatishga va’da berishdi. Afsuski, so‘zlarining ustidan chiqishmadi.
Pezeshkiyon, shuningdek, Isroil hujumida Eron armiyasi havo mudofaasi tizimi vakillaridan to‘rt nafari halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Eron parlamenti majlisidagi nutqida qonun chiqaruvchi organ spikeri Muhammad Bakir Qolibof ham Isroilga mamlakat aniq javob berishini va’da qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA