Erkparvar shoirning she’riy to‘plami taqdimoti
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir va bastakor Dadaxon Hasanning “Dardi borning dodi bor” nomli she’rlar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ijod ahliga katta e’tibor qaratilayotgan bugungi yorug‘ kunlarga osonlikcha yetib kelinmaganini ta’kidladi.
– Bu kitobning dunyoga kelishi oson bo‘lmadi, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Prezidentimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan yangilanish jarayonlari ijodkor ziyolilarni ma’naviy uyg‘oqlikka da’vat etmoqda. Bunday kitoblarning chiqmaganiga ham 30-yildan oshdi. O‘tgan asrning 70-yillarida Dadaxon Hasanovning qo‘shiqlarini tinglardik. Vatan, xalqqa xizmat qilish o‘sha davr ijodkorlarining faoliyatida ustuvor o‘rin egallar edi. O‘sha paytlari Sverdlov nomidagi konsert zalida Dadaxon Hasanov konsertiga kirish uchun turnaqator navbatlar bo‘lgandi. Keyinroq Dadaxon akaning “Laylo” degan qo‘shig‘i chiqdi. Rauf Parfi she’ri bilan aytiluvchi ushbu qo‘shiqni qayta-qayta tinglashardi. Prezidentimizning iste’dodlarni qo‘llab-quvatlash, adabiyot ahliga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdek ibratli ishlari keng quloch yozgan shu kunlarda Dadaxon Hasanovning ushbu kitobi chop etilishi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, jurnalist Sharof Ubaydullayev, professor Hamidulla Boltaboyev, Dadaxon Hasanov ijodi xususida batafsil so‘z yuritdi.
[gallery-16776]
Anjumanda qayd etilganidek, Dadaxon Hasan –hofizlarning shoiri, shoirlarning hofizi. Uning shu paytgacha bir necha to‘plamlari nashr qilingan. Ushbu kitobda hali e’lon qilinmagan she’rlari nashr qilingan. Mazkur to‘plam Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan.
Unga Aziz Said muharrirlik qilgan. Nodirxon Hasan nashrga tayyorlagan. Kitobdan muallifning "Ona xalqim", "Alyor aytib", "Azizim Vatan", "Bahorga o‘xshaysan", "Kuylayman faqat" kabi qator she’rlari o‘rin olgan.
Dadaxon Hasan 1940-yilda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Yangiarap qishlog‘ida tug‘ilgan. 1961-66-yillarda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Shoirning “Shaydo ko‘nglim”, “Shohimardon soylari”, “Chamanimdan ayirma”, “Bahor kelur bog‘larga” kitoblari chop etilgan. Ulardagi lirik va vatanparvarlik ruhidagi she’rlar Mirtemir, Shukrullo kabi ustoz shoirlar nazariga tushdi. Uning she’rlarida Vatan, ozodlik, milliy hurriyat tuyg‘ulari asosiy o‘rinni egallaydi.
Dadaxon Hasan uchun she’r va qo‘shiqning mazmuni – hayotiy taassurot, voqeliklar mushohadasi, bahs va fikr qarashlaridir. U yozishni yonish, deb tushunadi. Kuylashni, so‘z aytishni –anglatish, uyg‘otish deb biladi. Tasvir va mahoratni – milliy she’riyatimiz an’analariga tayanishda deb hisoblaydi.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar shoirning ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritdi. Qo‘shiqlar tinglandi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA