Erkaklar ayollarni eʼzozlashi kerak...
Jamiyat kun sayin rivojlanib borar ekan, oila, nikoh masalalarining ahamiyati va dolzarbligi shunga mos tarzda ortib boraveradi.
Jamiyat kun sayin rivojlanib borar ekan, oila, nikoh masalalarining ahamiyati va dolzarbligi shunga mos tarzda ortib boraveradi. Oilaga boʻlgan eʼtibor ham kundan-kunga kuchliroq boʻlaveradi. Zero oila jamiyatning bir boʻgʻini ekan, u qanchalik ahil, inoq va mustahkam boʻlsa, jamiyat va mamlakat ham shunchalik kuch-qudratga ega boʻladi.
Dinimiz oila qurishga, uni asrab-avaylashga, farzandlarni din-diyonatli, iymon-eʼtiqodli etib tarbiyalashga targʻib qiladi. Islomda nikoh – bu Allohning amri, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnati bilan, moʻmin-musulmonlarning guvohligida bogʻlanadigan muqaddas aloqa vositasidir.
Alloh taolo Qurʼoni karimning “Rum” surasi 21-oyatida marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishingiz uchun oʻzlaringizdan juftlar yaratgani va oʻrtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”.
Jamiyat uchun oilaning mustahkamligi muhim sanaladi, chunki aynan mana shu oilada jamiyat aʼzosi sifatida farzand voyaga yetadi. Ikki yoshning turmush qurib, umr yoʻllarini bogʻlashi bu oilaning asosi hisoblanadi. Ularning bir-birini tushunib, oʻzaro hamjihat boʻlib hayot kechirishi, kelajak avlodlarni dunyoga keltirib, jamiyatga, insonlarga naf keltiradigan shaxs qilib tarbiya qilishlari oilada sogʻlom muhit yuzaga kelishida katta ahamiyat kasb etadi. Zero sogʻlom muhitda voyaga yetgan farzand el-yurti manfaati va rivoji, uning tinchligi va farovonligi uchun masʼuliyatli, har tomonlama yetuk va komil inson sifatida ulgʻayib, oʻz Vatanining shaʼnini, obroʻsini har doim himoya qiladi. Zero, oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Abdirauf Fitrat: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik esa shu millatning intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizom va tarbiyaga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli boʻladi”, – degan edi.
Hozir dunyoda globallashuv jarayoni yuz berayotgan bir davrda oilalarda ajrimlar soni ham ortib borayotgani hammaga maʼlum. Shu maqsadda, bunday murakkab salbiy jarayonlarning oldini olish, oilalarning mustahkamligini taʼminlash, ayniqsa yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor vazifalari darajasiga koʻtarildi.
Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida: “Moʻminlarning iymon jixatidan komilrogʻi xulqi yaxshi boʻlganidir. Sizlarning yaxshilaringiz – ayollar bilan yaxshi boʻlganingizdir”, – deya marhamat qiladi. Paygʻambarimiz biz erkaklarga nozik hilqat sohibi boʻlmish ayollarimizga yaxshi, xushmuomalili boʻlishimizga buyurmoqda.
Alloh taoloning xohish-irodasi bilan erkaklar kuchli va baquvvat, ayol zoti esa, nozik va latofatli qilib yaratilgan. Baʼzi erkaklar ayollarning shunday nozik hilqat sohibi ekanligni unutib qoʻyadilar va natijada oilada arzimagan narsa ustida urush-janjallar kelib chiqadi. Binobarin, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz – erkaklarni ayollar bilan muomala qilishda muhim bir jihatga ahamiyat berishga chaqiradi:
Alloh taolo hamma narsani hikmat bilan yaratgan. Agar ayollar ham erkaklar singari qoʻpol, kuchli qilib yaratilganda, ular farzandlarga onalik qilishni oʻz zimmasiga olmagan boʻlar edi. Ana shundan kelib chiqib, oilaviy ajrimlarning oldini olishda, birinchi navbatda, oilaning hamda turmush qurayotgan ayol uning davomchisi boʻlmish farzandlarining onasi ekanligini har bir erkak anglab yetmogʻi lozim.
Chunki, ajralishlar faqatgina bitta oilaning muammosi emas, balki butun jamiyatning muammosi hamdir. Mazgʻabimizning moʻtabar manbalaridan “Durrul muxtor” kitobining “Nikoh fasli”da yozilishicha: “Odamzodga nikoh va iymondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yoʻq. Oila shunday saodatbaxsh bir bogʻki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma maʼlum muddatdan soʻng kuchini yoʻqotadi, ammo bir-biridan rozi boʻlgan umr yoʻldoshlarning birgalikdagi hayoti oʻlim bilan ham tugamaydi”.
Shunday ekan, er-xotin bir-biriga xushmuomalali boʻlib, yaxshi xulqimizni namoyish etib, arzimagan gina-kudratlarga ahamiyat bermasdan, ertaga jannatda ham birga boʻladigan umr yoʻldoshimizga shirin soʻzimizni, yaxshi muomalamizni ayamaylik. Hozir yurtimizda karantin sabab koʻpchiligimiz uydamiz. Keling, umr yoʻldoshimiz bilan birgalikda ushbu vaqtlarni gʻanimat bilib, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasiga, hayotdagi qiziqishlariga ham eʼtibor beraylik. Chunki inson oʻz farzandiga tarbiyadan koʻra yaxshiroq narsa bera olmaydi. Bu borada Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida: “Kishining oʻz farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi koʻp miqdorda qilgan nafl sadaqasidan yaxshiroqdir”, – deganlar.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash bilan birgalikda yuksak maʼnaviyatli barkamol avlod tarbiyasiga alohida ahamiyat berilayotgan bir davrda oilalarimizni yana-da mustahkamlashga, farzandlarimizni ham “Oila muqaddasdir” degan tuchuncha bilan tarbiyalashga eʼtibor qarataylik.
Inson oʻzligini anlaganidan, oʻzini taniganidan boshlab, oʻzicha “baxt”ni izlab yashaydi. Haqiyqiy baxt esa oilada, oila bagʻrida. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek: “Eng katta baxt, men buni ming marta qaytarishdan charchamayman, oilamiz tinch boʻlsin! Oila kichik vatan, oila tinch boʻlsa, baxtli boʻlsa, vatan tinch boʻladi. Oʻsha baxtli kunlarni, vatanimizning, yoshlarimizning kamolini hozir niyat qilayotganimiz kabi koʻrish hammamizga nasib etsin!”
Shamsuddin BAHOUDDINOV,
Qoraqalpogʻiston musulmonlari
qoziyoti qozisi.