Epidemiologlar maslahatlashuvi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi hamda AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) ekspertlari onlayn-maslahat oʻtkazishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi hamda AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) ekspertlari onlayn-maslahat oʻtkazishdi.
AQSHdagi Oʻzbekiston elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, unda CDC markazining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Devid Singer, CDC markazining Atlantadagi bosh ofisi vakili Ishani Patman, USAIDning sogʻliqni saqlash sohasidagi ekspertlari hamda qozogʻistonlik virusologlar ishtirok etishdi.
Mamlakatimiz tomonidan onlayn-maslahatda Agentlik direktori Bahrom Almatov, Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining referens-laboratoriya mudirasi Larisa Aliyeva va boshqa epidemiologlar, ekspertlar ishtirok etgan.
Onlayn-maslahatda karantin va epidemiologiya nazoratini tashkillashtirish, COVID-19ga test topshirish, immunologik testlarni oʻtkazish, ulardan foydalanish metodologiyasi, kasallikni yuqtirgan fuqarolarni aniqlash va kuzatish masalalari, vaksinalarni yaratish jarayonlari, karantin choralarini bekor qilish shartlari va tartiblari, pandemiyaga qarshi kurashishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
CDC markazining mintaqaviy ofisi vakillari Oʻzbekistonga epidemiologiya xizmatlari salohiyatini mustahkamlash, texnik maslahatlar oʻtkazish, laboratoriya uskunalari va boshqa himoya vositalarini taqdim etish orqali koronavirusga qarshi kurashishda yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
CDC markazi – 1946-yilda tashkil etilgan boʻlib, u AQSH sogʻliqni saqlash vazirligining federal agentligi hisoblanadi. Uning bosh ofisi Atlantada joylashgan. Markaz yuqumli va surunkali kasalliklarning nazorati, monitoringini taʼminlash, ularning oldini olish vazifalari bilan shugʻullanadi. Markaz sogʻliqni saqlashga oid global muammolar, jumladan 1980-yillarda VICH/OITSning tarqalishi, Ebola, A/H1N1 grippi, SARS zotiljamining keng yoyilishi kabi muammolarni hal qilishda koʻp yillik tajribaga ega. Dunyoning 49 mamlakatida tashkilotning ofislari faoliyat yuritadi.
Tomonlar Oʻzbekistonda virusning avj olish nuqtasiga chiqishi va pasayishini hisoblash imkonini beradigan uning tarqalishini modellashtirish va prognozlash tizimini ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishdi. Shuningdek, CDC markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Chiqish punktlari dasturlari”ni implementatsiya qilish va sogʻliqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar boʻyicha tezkor markazni tuzishga oid oʻzaro hamkorlik istiqbollari masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.