Entoni Fauchi: “Vahimaga tushmang!“
Amerikalik shifokor va immunolog E.Fauchi 1940-yilda tugʻilgan. 1984-yildan buyon uzluksiz ravishda Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi masʼullarining fikricha, bugungi kunda mutaxassis-virusologlar tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish va ushbu kasallikdan zararlangan bemorlarni davolash boʻyicha dunyo boʻylab keng koʻlamda foydalanilayotgan koʻplab tavsiyalari orasida Entoni Fauchining baholari va maslahatlari AQSHdagi eng vakolatli va ishonchga sazovor manba sifatida eʼtirof etilmoqda. Maʼlumki, Entoni Fauchi ayni davrda Prezident Donald Trampning “COVID-19”ga qarshi kurash masalalari boʻyicha Bosh konsultanti hisoblanadi.
Amerikalik shifokor va immunolog E.Fauchi 1940-yilda tugʻilgan. 1984-yildan buyon uzluksiz ravishda Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Joriy yil yanvardan buyon Oq uyda koronavirusga qarshi kurash masalalari boʻyicha tezkor shtabi takribiga kiritilgan.
D.Tramp E.Fauchi yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi davlat siyosati sohasida maslahatchilik qilayotgan oltinchi prezidentdir. Shifokor sil, malyariya, shuningdek keyingi oʻn yillikda paydo boʻlgan Ebola, Zika singari kasalliklar profilaktikasi, tashxisi boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi keng koʻlamli ilmiy ishlanmalar majmuini boshqarib boradi. Mazkur tuzilmaning 2020-yilga moʻljallangan byudjeti 5,9 milliard dollarni tashkil etadi.
Mamlakatimizning AQSHdagi diplomatik missiyasi axborotiga koʻra, E.Fauchining soʻnggi chiqishlari tahlili natijasida quyidagi asosiy xulosalarni keltirish mumkin:
1. Oʻzingizni oʻzingiz davolamang! Toʻgʻri, hozircha koronavirusni davolashning hech qanday tasdiqlangan usuli yoxud bir yoki bir necha preparat bilan davolashning klinik bayoni, jumladan malyariya va boshqa kasalliklarga qarshi dori vositalari mavjud emas. Shunga qaramasdan, koronavirusni oʻzboshimchalik bilan davolashga urinish hayot uchun oʻta xavfli. Bundan tashqari, koronavirusni davolashning tasdiqlanmagan usullari tufayli kelib chiqadigan salbiy oqibatlar va asoratlar ehtimoliy nafdan koʻra ancha xatarli. Qolaversa, bu muayyan dori vositalariga juda muhtoj boʻlgan bemorlar uchun aynan shunday preparatlar tanqisligini yuzaga keltirishi mumkin.
2. Ijtimoiy masofalanish talablarini buzmang! Koronavirusni VICH/SPID, Ebola, Zika kabi boshqa xavfli virusli kasalliklardan ajratib turadigan jihat shuki, mazkur virus havo-nafas yoʻllari, bevosita aloqa(qoʻl berib soʻrashish, eshik tutqichini ushlash, pulga teginish va hokazo), oddiy odamlar kundalik turmushda foydalanadigan umumiy buyumlar orqali juda oson yuqadi.
3. Turli axborot manbalariga ishonmang! Koʻrsatmalar, tavsiyalar va axborotning yagona va ishonchli manbasi, oʻz navbatida JSST bilan hamkorlikda ish olib boradigan har bir mamlakat hukumatidir. Oʻz hukumatingiz qoʻygan talablarni soʻzsiz bajaring!
4. Keksalarni xatarga qoʻymang! Koʻplab viruslardan farqli oʻlaroq, koronavirus zararlangan kishilarning yoshidan kelib chiqib, turlicha namoyon boʻladi. Kuchsiz immun tizimi, tanasida boshqa surunkali va oʻtkir xastaliklar mavjudligi bois, qariyalar viruslarga nisbatan chidamsiz boʻlishadi.
5. Yoshlarning ijtimoiy masʼulligi juda muhimligini unutmang! Garchi, yoshi kattalarda kuzatiladigan oʻlim holati foiz nisbatida yuqoriroq boʻlsa-da, yosh bemorlar organizmi, hatto oʻzlari bilmagan holda koronavirusni faol tarqatuvchi boʻlib xizmat qilishi mumkin. Koʻpincha keksalar yoshlar tomonidan karantin va preventiv choralarga masʼuliyatsizlik bilan yondashuvning qurboniga aylanishadi. Shunday munosabat natijasida navqiron odamlarning oʻzlari ham jonlantirish (reanimatsiya) boʻlimlariga yotqizilishi holatlari kam emas.
6. Qayta kasallanmayman, deb oʻylamang! Odatda inson tanasidagi immunitet muayyan infeksiya yoki virusni tanib qoladi, bu ayni zararkunandaga qayta yoʻliqish ehtimolini kuchaytiradi. Qolaversa, hozirgi paytda koronavirusdan davolanib chiqqan odam ushbu virusni qayta yuqtirib olmasligiga qatʼiy kafolat yoʻq.
7. Shaharga, kishilar koʻp toʻplanadigan joylarga chiqmang! Har qanday vaziyatda odamlar orasidagi masofa ikki metrdan kam boʻlmasligiga rioya qilish shart. Nyu-York shahri misolida aholisi oʻta zich yashaydigan bunday ulkan megapolislar kasallikka qarshi qay darajada chidamsiz ekanligi yaqqol namoyon boʻldi.
8. Vahimaga tushmang! Virus, asosan, kasallikni yuqtirib olgan bemor yoʻtalganda, aksirganda ajralib chiqadigan havo-tomchi yoki aerozol boʻlakchalari orqali tarqaladi. Odatda, kishi aksirganda ogʻzini qoʻli bilan yopadi. Keyin shu qoʻli orqali boshqalar bilan soʻrashishi, eshik tutqichi singari hamma foydalanadigan buyumlarni ushlashi tayin. Sogʻlom odam esa bemor bilan koʻrishgan, bemor tegingan buyumni ushlagan oʻsha qoʻlini oʻzining yuz qismiga, ogʻziga tekkizib, oʻsha joyni va tabiiyki, tanasini ham zaharlashi mumkin. Albatta, hamma narsadan qoʻrqaverish ham nooʻrin. Masalan, pochta orqali joʻnatilgan banderollar, turli qadoqlangan mahsulotlar katta xavf tugʻdirmaydi, chunki virus bunday yuzalarda koʻp vaqt saqlanmaydi.
9. Virus tezda oʻtib ketadi, deb oʻylamang! Pandemiyaning toʻxtash muddatlari hozircha maʼlum emas. XXR va Janubiy Koreyaga kasallik yuqtirish holatlarini kamaytirish uchun 8 hafta lozim boʻldi. Yevropa va AQSHda esa zararlanganlar soni borgan sari ortyapti. Virus yuqishi koʻlamini barqarorlashtirish va bemorlar soni oʻsishini toʻxtatish uchun bir necha oy talab etilishi mumkin. Binobarin, kuzda yoki qishda koronavirus yana bir bor oʻzini eslatishi ehtimoli yoʻq emas, biroq oʻsha vaqtgacha mazkur virusni davolashning samarali usullari paydo boʻlsa kerak.
10. Xususiy biznes vakillari, siz chetda turmang! Faqat hukumatning qatʼiy saʼy-harakatlari va tadbirkorlik resurslarini birlashtirish orqaligina koronavirusni yengish mumkin. Hozir AQSHda xususiy biznes tibbiy uskuna va mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi asosiy manba, davlat esa koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda bosh muvofiqlashtiruvchi kuchdir.