Eng yaxshi xorijiy tillarni o‘qitish maktabi
Jizzax shahridagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” respublika tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbar va mas’ul xodimlari, hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim maktablarining o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibor va uning ahamiyati, o‘quvchilar erishib kelayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib, tanlov ishtirokchilarining barchasiga omad tiladi.
“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” respublika tanlovining viloyat bosqichida Jizzax shahri va tumanlar bosqichida zafar quchgan umumta’lim maktablarining har biridan 5 nafardan, jami 65 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
O‘ziga xos tayyorgarlik va qizg‘in shijoat bilan boshlangan tanlov shaffof va haqqoniy o‘tishi kuzatuvchilarning jiddiy nazorati ostida bo‘ldi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan Jizzax shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari 250 million so‘m pulmukofoti hamda “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-11960]
2-o‘rinni egallagan Zomin tumanidagi 60-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilariga 200 million, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Paxtakor tumani 9-sonli o‘rta maktab yoshlariga 150 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA