“Eng yaxshi kinologlar” aniqlandi
Buxoro viloyatida Milliy gvardiya mutaxassis-kinologlari o‘rtasida “Eng yaxshi kinolog” musobaqasining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali mutaxassislar sakkiz oylikdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan nemis va sharqiy Yevropa ovcharkalari, labrador, Belgiya ovcharkasi zotlariga mansub xizmat itlari bilan qatnashdi.
Milliy gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi hududida tashkil etilgan musobaqada ishtirokchilar “To‘siqlardan o‘tish”, “Umumiy tayyorgarlik kursi” mashqlari, “Qurol-yarog‘ yoki portlovchi moddalarni qidirib topish yo‘nalishi”, “300 metrli masofaga to‘siqlarni xizmat iti bilan o‘tish” va “Tog‘ biatloni – 1600 metr masofaga yakka tartibda qurol bilan yugurish” shartlarida raqobatlashdi.

Musobaqa mobaynida hakamlar tomonidan mutaxassis-kinologlarning jismoniy tayyorgarligi va kasbiy mahorati, shuningdek, vazifalarni bajarish bo‘yicha xizmat itlarining tayyorgarlik darajasi baholab borildi.

O‘ttizga yaqin mutaxassis sodiq do‘sti – jangovar hamrohi bo‘lgan xizmat itlari bilan turli vazifalarni bajarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari hamda kasbiy mahoratini namoyish etdi. Xizmat itlarining portlovchi moddalar va qurol-yarog‘larni izlab topishda alohida xususiyatlari va imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.

Yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Milliy gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi mutaxassis-kinologi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi mutaxassis-kinologiga nasib etdi. Uchinchi o‘rindan Milliy gvardiya Namangan viloyati boshqarmasi mutaxassis-kinologi joy oldi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Hilola ABRAYQULOVA,
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA