Eng yaxshi ixtirochi ayollar tanlov asosida aniqlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi Raisi T.Norboyeva tomonidan tasdiqlangan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar rejasining 23-bandida joriy yilning fevral oyida xotin-qizlarning innovatsion va biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligini o‘tkazish belgilangan.
Mahallla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida mazkur haftalikni o‘tkazishga mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbar xodimlari ishtirokidagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlarining turli yo‘nalishlarida ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan, o‘z qobiliyatini namoyon etayotgan iqtidorli xotin-qizlarni izlab topish, ular amalga oshirayotgan loyihalarni targ‘ib qilish, yangi iqtidor qirralarini ochish, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassis xotin-qizlar hamda talaba va o‘quvchi qizlarning turli tashabbuslari va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi o‘tkazish bo‘yicha tayyorlangan Nizom loyihasi keng muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihaga asosan “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi tashkil etiladi. Haftalik doirasida ixtirochi xotin-qizlar hamda talaba va o‘quvchi qizlar orasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirish, ularning innovatsion g‘oya va loyihalarini joriy qilishlarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida xotin-qizlar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Haftalik doirasida tashkil qilinadigan tadbirlarda iqtidorli xotin-qizlarning ilmiy tadqiqot ishlari hamda ixtirochilik va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvatlash, ilmiy, ijodiy va intelektual salohiyatini yuksaltirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratish va hayotga tadbiq etishlarida sharoit yaratish, jamiyat hamda ilmiy-ijodiy faoliyatida erishayotgan yutuqlarini ibrat sifatida ko‘rsatish orqali, ilmli bo‘lishga undash, qizlarni zamonaviy kasblarni egalashga targ‘ib qilish, xotin-qizlarni qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qabul qilinayotgan qonunchilik bilan yaqindan tanishtirish ishlari amalga oshiriladi.

O‘tkaziladigan tanlov natijasi bo‘yicha har bir hududdan 100 nafar ixtirochi ayollar aniqlanib, mas’ul vazirlik va tashkilotlar tomonidan munzatam ravishda ular bilan istiqbolda manzilli va maqsadli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA