Eng yaxshi axborot-resurs markazi
Navoiyda “Yilning eng yaxshi axborot-resurs markazi” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “Yilning eng yaxshi axborot-resurs markazi” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda ta’lim muassasalaridagi axborot-resurs markazlari jamoalarining ish faoliyatiga oid ko‘rgazmalar namoyish etildi, internetdan foydalanish, ma’lumot olish, veb-saytga axborot joylashtirish hamda elektron pochta orqali ma’lumot almashish borasidagi bilim va malakasi sinovdan o‘tkazildi.
– Prezidentimizning 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ta’lim muassasalari huzurida axborot-resurs markazlari tashkil etilgan, – deydi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bosh mutaxassisi Komiljon Mavlonov. – Akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridagi axborot-resurs markazlari zarur badiiy va o‘quv adabiyotlarning elektron nusxalari bilan ta’minlangan. Ta’lim muassasalari ZiyoNET internet tarmog‘iga ulangan. Elektron ma’lumot olish, ulardan foydalanish uchun barcha sharoit yaratilgan. Ayni paytda mazkur axborot-resurs markazlari nafaqat ta’lim muassasalari o‘quvchilariga, balki keng aholiga ham namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu tanlovda markazlar faoliyatining ayni shu jihatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi 1-akademik litseyning axborot-resurs markazi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Navoiy tibbiyot kolleji jamoasiga ikkinchi, Toshkent viloyatidagi Yangiyo‘l transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji jamoasiga uchinchi o‘rin nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.