“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Mamlakatimiz Mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlab, ona diyorimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning buyuk kelajagi yo‘lidagi ulug‘vor yangilanishlar, zamondoshlarimizning yorqin siymolari aks ettirilgan, yuksak mahorat bilan yozilgan eng sara materiallar uchun “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovi e’lon qilingan edi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Toshkent viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Eraliyeva ishtirok etdi.
Toshkent viloyati bosqichi uchun yo‘nalishlar bo‘yicha jami 50 dan ziyod ijodkorlardan 300 dan ortiq ijodiy ishlar kelib tushdi. Ular tanlovning hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, e’tirof etildi. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va ularning yoritishda, keng ommaga tezkor va xolis yetkazishda jurnalistlarning tutgan o‘rni haqida so‘z bordi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasidagi yangilanishlar to‘g‘risida fikr bildirdi.
[gallery-18809]
Ko‘rik-tanlovning bosma OAV yo‘nalishi bo‘yicha “Toshkent haqiqati” gazetasi bo‘lim mudiri, publitsist To‘xtamurod Hasanboyev birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin “Yuqori Chirchiq hayoti” gazetasi bosh muharriri Hulkar O‘rolovaga, uchinchi o‘rin “Adabiyot ziyosi” gazetasi tahririyati bo‘lim mudiri Nigora Shopayziyeva va “Chinoz hayoti” gazetasi bosh muharriri Shahboz Nizomiddinovga nasib etdi.
Shuningdek, Televideniye, radio va internet yo‘nalishida birinchi o‘ringa O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent viloyati teleradiokanali” muxbiri Gulnora Otajonova, ikkinchi o‘ringa “Yoshlar kundaligi” media-loyihasi rahbari Baxtiyor Qurbonov, uchinchi o‘ringa “O‘zbekiston 24” radiokanali rejissyori Qodirjon Mamarasulov munosib ko‘rildi.
Tadbirda g‘olib va sovrindorlar diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.