“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Navoiy shahrida eng qutlug‘ ayyom — Mutaqillik bayrami arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbir doirasida konsert dasturi hamda rassomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Navoiy viloyatida ham mazkur tanlov ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, jurnalistika, badiiy adabiyot, tasviriy san’at kabi yo‘nalishlarda faol bo‘lgan ijodiy ishlarga e’tibor qaratildi. Bu yil “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovga 50 ga yaqin ijodkorning yuzdan ziyod ijodiy ishi qabul qilindi. Tanlov hay’ati xulosasiga ko‘ra, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 nafardan — jami 15 nafar g‘olib aniqlandi.
Natijalarga ko‘ra, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishi bo‘yicha “Znamya drujbы” gazetasi muxbiri Mariya Shayxiyeva birinchi o‘ringa ega bo‘lgan bo‘lsa, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishida “Yoshlar” telekanalining Navoiy viloyati bo‘yicha muxbiri Xolbibi Safarova mutlaq g‘olib, deb topildi.
“Internet-jurnalistika” yo‘nalishi bo‘yicha “Kun.uz” internet nashrining viloyat muxbiri Ruslan Saburov, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” yo‘nalishida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli rassom Ulug‘bek Muhamatov, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” yo‘nalishi bo‘yicha “Afg‘on urushi: Azob va iztirob” voqeiy hikoyalar to‘plami hamda “Vafo” romani uchun yozuvchi Xudoyberdi Navro‘z yuqori o‘rinlarga loyiq ko‘rildi.
– Bu yilgi tanlovning nufuzi ham, ahamiyati ham avvalgilaridan o‘zgacharoq – deydi tanlovning tashkiliy qo‘mitasi rahbari, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi O.Aslonov. – Boisi, joriy yilda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi ham keng nishonlanmoqda. Shu ma’noda, bu yilgi tanlov jarayonida navoiylik ijod ahlining o‘tgan mana shu davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, g‘oliblarni aniqlashda ularning shu yillarda qilingan ishlariga ham e’tibor qaratildi.
– Tanlovga viloyatimizdagi eng iqtidorli va tashabbuskor sportchilar, tibbiyot xodimlari hamda mahalliy tadbirkorlar faoliyatiga bag‘ishlangan turkum ko‘rsatuvlarimni taqdim etgan edim, – deydi g‘oliblardan biri X.Safarova. – Ijodiy ishlarimning alohida e’tirof etilganidan mamnunman. Bu e’tibor albatta, bizni xalq orasida yurib, xalqning dardini aytishga va mustaqillik ne’matini qadrlab, umrining har bir lahzasidan to‘g‘ri foydalanib, boshqalarga ham na’f keltirayotgan oddiy insonlar hayotini kengroq yoritishga undaydi.
Tadbirda barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkiliy “Diplom” va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
[gallery-3646]
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA