Eng saralari Arabxona mahallasida
Buxoro viloyati Olot tumanining Arabxona mahallasidagi Shokir Tangriyev xonadoni 20 yildirki ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shu bois, xonadon nafaqat olotlik balki boshqa viloyatlardan ketuvchi mijozlar bilan gavjum. Xonadon asosan mevali-manzarali daraxt, buta va gul ko‘chatlar yetishtirish bilan mashhur.
Ayni kunda ushbu xonadonda 13 turdagi mevali, 3 turdagi manzarali hamda 6 turdan ortiq buta va gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Xususan, shaftolining yaltiroq qizil, yaltiroq sariq, o‘rikning qandak, subhoniy, navoiy, olmaning gold, besh yulduz, qizil sof go‘zali, semerenka, nokning o‘rmon go‘zali, kuzgi nok, xurmoning shokolad, svecha, romashka, bodom hamda yong‘oqning yupqa po‘choq, gilosning erta bahor, uzumning qora kishmish, oq husayni, kelinbarmoq, ketmonsopi, husayni, toifi kabi navlari yetishtirilmoqda.
Yer xazina, undan unumli va samarali foydalanilsa, insonga behisob ne’matlar, mehnatga yarasha daromad keltiradi. Ayniqsa, o‘z tomorqasida ko‘chat yetishtirib daromad topayotgan mirishkorlar mehnatiga har qancha tahsin aytsa arziydi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri