“Eng namunali xotin-qizlar faoli” aniqlanmoqda
Buxoro viloyatining mahallalardagi xotin-qizlar faollari o‘rtasida “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” tanlovining shahar, tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlovda xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularning bandligini ta’minlash, mahallalarda faoliyat yuritayotgan oila va xotin-qizlar bilan ishlovchi komissiyalar ishining samaradorligini oshirish, ajrimlar va ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikni kamaytirish, shuningdek, notinch oilalar bilan olib borilayotgan amaliy ishlar bo‘yicha taqdimotlar amalga oshirilmoqda. Xuddi shunday tanlov Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. Tanlovda shahardagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari qatnashdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Buxoro shahridagi “Zarafshon” va “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Navbahor Qoryog‘diyeva yuqori natijalarni qayd etib, 1-darajali diplom bilan taqdirlandi hamda viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. “Sifatmuniy” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nigora Soliyeva 2-darajali, “Ko‘kaldosh” va “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nodira Jo‘rayeva 3-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Vobkent tumanida tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi A.Mahmudova va Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi B.Esanov ham ishtirok etdi.

Tanlovda 1-o‘rinni “Xo‘jarabot” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli T.Jo‘rayeva, 2-o‘rinni “Kosari” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli F.Qahhorova, 3-o‘rinni “Changaron” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli M.Hojiyeva qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rinni egallagan T.Jo‘rayeva viloyat bosqichida ishtirok etish uchun loyiq deb topildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.