Eng munosiblar gʻolib boʻldi
Ular orasidan 22 ming 604 nafar oʻquvchi va 425 nafar oʻqituvchining ijodiy ishlari saralab olindi.
Namanganda yoshlarning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish, oʻqish, izlanish orqali ilm-fanning baland choʻqqilari sari intilishlarini ragʻbatlantirish maqsadida Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi asosida tashkil etilgan onlayn - tanlov yakunlandi.
– Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan mazkur tanlov karantin sharoitida qariyb uch oy davom etdi, – deydi boshqarma axborot xizmati rahbari M.Esonboyev. – 5 ta muhim tashabbus doirasida “Eng yaxshi cholgʻu ijrochisi”, “Eng yaxshi rassom”, “Eng yaxshi xonanda”, “Eng yaxshi ijodkor”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi dasturchi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Ona tili millat ruhi”, “Yosh kitobxon”, “Kitob –maʼnaviyat kaliti” kabi jami oʻnta yoʻnalishda oʻtkazilgan onlayn-tanlovda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 80 mingdan ortiq oʻquvchi hamda pedagoglar ishtirok etdi. Ular orasidan 22 ming 604 nafar oʻquvchi va 425 nafar oʻqituvchining ijodiy ishlari saralab olindi.
Taqdim etilgan ijodiy ishlar yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan oʻrganildi. 27 nafar oʻquvchi hamda 3 nafar oʻqituvchi gʻolib deb topildi. Gʻoliblarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Xalq taʼlimi vaziri Sh. Shermatov yoshlarni yuksak marralar sari dadil parvozga ruhlantirib, yaratib berilayotgan imkoniyatga monand ularni Vatan istiqboliga munosib kamol topishga undadi. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbus oʻquvchilarni maʼnaviy yetuklik, jismoniy barkamollik, ilm-maʼrifat sari yetaklash barobarida tafakkurini kengaytirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.
Gʻoliblar Xalq taʼlimi vazirligining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.