Eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Buxoroda “Yoshlar va qonun” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda “Yoshlar va qonun” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.Buxoro viloyati prokuraturasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tanlov O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlodning huquqiy bilimini mustahkamlash, faolligini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovning viloyat bosqichida Buxoro bank kolleji, G‘ijduvon tibbiyot kolleji, Qorako‘l sanoat va transport kasb-hunar kolleji va Kogon qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bo‘yicha bilimi, mamlakatimizda navqiron avlod kamoloti yo‘lida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar tufayli erishilayotgan yutuqlarni videorolik yoki taqdimotlar orqali namoyish etishi, sahna ko‘rinishida jamiyatda uchraydigan ayrim muammolarga e’tibor qaratgan holda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflari asosida baholandi.
Buxoro bank kollejining “Bunyodkor” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
– Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani samaralarini kundalik hayotimizda ko‘rib-bilib turibmiz, – deydi “Bunyodkor” jamoasi sardori M.Teshayeva. – Har tomonlama zamonaviy bilim olishimiz, o‘zimiz tanlagan yo‘nalish bo‘yicha tegishli mutaxassislikni puxta egallashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Kollejimiz o‘quvchilari fan olimpiadalari, mamlakat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda muntazam sovrindorlar qatoridan o‘rin olib kelmoqda. Bitiruvchilarning biznes loyihalari tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mazkur qonun yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashi va yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilishi imkoniyatini yanada kengaytiradi.