Eng kuchli dzyudochilarimiz Jizzaxda jam bo‘ldi
Jizzax shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi.
Ushbu musobaqa «Jizzax kibersport arenasi» majmuasida o‘tkazilmoqda. 24 noyabr kuniga qadar davom etadigan mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 300 nafardan ziyod sportchi o‘zaro raqobatlashmoqda. Bugun chempionatning ilk kunida erkaklar -60, -66 kg, ayollar esa -48 va -52 kg vazn toifalarida tatamiga chiqadi.
Ushbu musobaqadan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz aholisi o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan dzyudo sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va ular orasidan yaxshi natija qayd etgan polvonlarni terma jamoa tarkibiga qo‘shib olgan holda kelgusidagi nufuzli musobaqalarda yuqori marralarni zabt etishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi O‘zbekiston chempionatida asosiy raqobat Xorazm va Qashqadaryo viloyati dzyudochilari orasida o‘tgan edi. Unda Xorazm viloyati jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza jami 9 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy olgan. Qashqadaryo viloyati terma jamoasi 2 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA