“Energonazorat” platformasi sinov tariqasida ishga tushirildi
AOKAda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda energetika tizimida qonun hujjatlari ijrosi, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishda davlat nazorati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan qonun hujjatlari ijrosiga katta e’tibor berilmoqda. Xususan, xodimlarning lavozimga loyiqligi bo‘yicha muntazam attestatsiya o‘tkazilyapti. Unga ko‘ra, 74 nafar xodimning bilim darajasi qoniqarsiz deb topildi. Hududlarda ishlarning yetarli darajada tashkil qilinmagani va sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun Surxondaryo hududiy boshqarma boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Qashqadaryo, Navoiy va Namangan hududiy boshqarma boshliqlari boshqa hududlarga rotatsiya qilindi.
Shuningdek, vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 52 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari hamda 39 ta texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjat loyihalari ko‘rib chiqildi va tegishli takliflar taqdim etildi.
[gallery-19567]
Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Xurshidjon Eshqo‘ziyevning so‘ziga ko‘ra, raqamlashtirish jarayonlari ham tizimli olib borilyapti. Yaqinda “Energonazorat” platformasi ishlab chiqilib, u sinov tariqasida ishga tushirildi. Nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha Uzinfasom, tizim tashkilotlari, ichki ishlar hamda prokuratura organlari bilan birgalikda Ye-dalolatnoma elektr tizimi ishlab chiqildi.
– Hozirda elektron tizimni 1 noyabrdan boshlab amaliyotda qo‘llash bo‘yicha yakuniy ishlar olib borilmoqda. Elektr qurilmalarining ish faoliyatini masofaviy tahlil qilish maqsadida yangi dasturiy ta’minot ham tayyorlanyapti. “O‘zenergoinspeksiya”ning ish faoliyatida birinchi marotaba aniqlangan holatlarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun 2023 yilning 1 oktyabridan boshlab “e-mamuriy ish” axborot tizim ishga tushirilgan edi. Shu bilan birga, yangidan qurilayotgan 9308 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. 5645 ta iste’molchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Iste’molchilarda kelib tushgan murojaatlar qonuniy ko‘rib chiqilishi natijasida 388 ta litsenziya berilishi ta’minlandi. Tekshirish va o‘rganishlarga kelsak, energetika tizimi korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlarida 350 ta tekshirish va o‘rganish o‘tkazilgan. Mazkur tekshiruvlarda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan 14 ta birgadaning ish faoliyati to‘xtatilgan. 54 nafar mas’ul xodimga intizomiy jazolar qo‘llanilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yozma ko‘rsatmalar berilib, 109 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonomalar rasmiylashtirildi, – dedi X.Eshqo‘ziyev.
Tadbirda neft mahsulotlarining sifati, muhofaza zonalari va nazorat tadbirlari natijalariga ahamiyat qaratildi. Unga asosan 1 ming 868 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi va korxonadan 6 ming 130 ta tahlil olingan. 133 ta holatda 4 million litr neft mahsulotlari sifatsizligi aniqlangan. Shuningdek, 5 ming 881 ta iste’molchi tomonidan 858,8 milliard so‘mlik energiya resurslarida noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. 5 ming 577 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va “e-mamuriy ish” axborot tizim orqali sud organlariga yuborilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev, O‘zA