Energiya inqirozi sharoitida uch davlat xavfli yo‘l tanladi
Yaqin Sharqda urush boshlanganiga 100 kun to‘lar ekan, Yevropa Ittifoqida energiya xavfsizligi yana kun tartibiga chiqdi. Ko‘plab davlatlar neft va suyultirilgan tabiiy gaz importini qisqartirish orqali tashqi xavfga qaramlikni kamaytirish niyatida. Germaniya, Italiya va Belgiya esa aksincha yo‘l tutib, ushbu resurslar importini oshirgan. Tahlilga ko‘ra, mart-may oylari oralig‘ida YeIda suyultirilgan gaz importi 1,2 foiz kamaygan. Buyuk Britaniyada esa bu ko‘rsatkich 20 foiz pasaygan. Mutaxassislar ayni holatni energiya xavfsizligini mustahkamlash, gazga talabni bosqichma-bosqich kamaytirish siyosati bilan izohlamoqda.
Umuman, Germaniyaning suyultirilgan gaz importi bir yidda 72 foiz oshdi. Italiya va Belgiyada ham shunga yaqin o‘sish qayd etilgan. Ekspertlar fikricha, bu davlatlar tashqi bozordagi beqarorlikka nisbatan sezuvchanlikni kuchaytirmoqda.
Yaqin Sharqdagi keskinlik Hurmuz bo‘g‘ozi orqali energiya tashish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatib, Qatardan kelayotgan gaz hajmini kamaytirdi. Binobarin, Yevropa bozorida AQSH, Rossiya, Norvegiya va Jazoirdan kirib kelayotgan miqdor o‘sishda davom etdi. Hisob-kitobga ko‘ra, so‘nggi 100 kun ichida energiya narxi ko‘tarilishi favqulodda choralar Yevropa iqtisodiyotiga 60 milliard yevro qo‘shimcha xarajat yuklagan. Bu mablag‘ning juda kam qismi elektrlashtirish loyihalariga yo‘naltirilgan. Mutaxassislar aynan elektr energiyasiga asoslangan iqtisodiyot kelajakda inqirozga qarshi eng samarali himoya vositasi bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari Yevropaning asosiy tayanchiga aylanmoqda. Quyosh va shamol energetikasi o‘tgan yil milliardlab yevro tejash imkonini berdi. Ayniqsa Ispaniya misoli bu borada diqqatga sazovor: mamlakat elektr energiyasining salmoqli qismi past uglerodli manbalar hisobiga ishlab chiqarilmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, hozirgi salbiy holat Yevropa uchun muhim saboq bo‘ladi. Qit’a qancha tez qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tsa, tashqi bozordagi beqarorlik ta’siri shuncha kamayadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA