Energetika xavfsizligi oyligi davom etmoqda
Energetika xavfsizligi oyligi doirasida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan seminarlar va nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarlarda yoqilg‘i va energiya resurslaridan samarali foydalanish, muqobil energiya manbalarini keng joriy etish, energetika xavfsizligi va qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Energetika ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari, shuningdek, ishchilarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etishini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, inspeksiyaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi va gaz ta’minoti korxonalari bilan hamkorlikda aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida ko‘plab nazorat tadbirlari ham tashkil etildi.

Tadbirlar davomida gaz tarmoqlaridagi buzilishlar va xavfli holatlar aniqlandi. Masalan, Yangi Namangan tumani Ishonch mahallasidagi gaz tarmog‘ida o‘zboshimchalik bilan gaz so‘rg‘ich moslamasini o‘rnatish holati aniqlandi. Bu kabi holatlar gaz tarmoqlaridagi texnologik ish rejimi va gidravlikani buzib, gaz ta’minotini tahdidga solishi mumkin.
Namangan shahridagi Dashtbog‘ mahallasidagi gaz tarmog‘ida ham shunday holatlar aniqlanib, bir miqdordagi buzilishlar bartaraf etilgan.
Shu bilan birga, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 186-sonli transformator punktida xavfsizlik texnikasi qoidalariga zid ravishda ta’mirlash ishlari olib borilgan brigada ishdan chetlashtirildi. Ushbu holatlar davlat nazorati va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatga molik.
Energetika xavfsizligi oyligi doirasida olib borilayotgan ushbu tadbirlar aholi uchun elektr va gaz ta’minotini barqarorlashtirish, energetika tizimini yanada mustahkamlash va mamlakatning energetika xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA