Energetika tizimida xavfsizlik va nazorat choralari kuchaytiriladi
Energetika vazirligida yoz mavsumida energetika tizimi ob’ektlarining barqaror va ishonchli faoliyatini ta’minlash, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga bag‘ishlangan Respublika shtabi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Energetika vazirligi rahbariyati, soha korxona va tashkilotlari, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, “O‘zenergoinspeksiya”, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda yoz faslida elektr energiyasiga talab ortishi sharoitida energetika tizimining uzluksiz ishlashi, avariya xizmatlarining shayligi va rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, havo harorati yuqori bo‘ladigan kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 million kVt·soatgacha, eng yuqori yuklama esa 13-13,3 GVtgacha yetishi mumkin. Shu munosabat bilan elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarda profilaktik ishlar va texnik nazoratni kuchaytirish, ehtimoliy avariyalarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan texnik nosozliklar ham tanqidiy muhokama qilindi. Elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘lgan holatlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligi belgilandi. Ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Issiq havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat hamda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish, mazkur jarayonlar ustidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatildi.
Yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi joriy etilishi qayd etildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika ob’ektlari va yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan o‘rganishlar va nazorat reydlari tashkil etiladi.
Iste’molchilar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, avariyaviy holatlar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish hamda hududlardagi navbatchilik xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro va mehnat intizomini mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida barcha topshiriqlar ijrosi qat’iy nazorat ostida bo‘lishi belgilandi. Kelgusidagi shtab yig‘ilishlarida har bir vazifaning bajarilish darajasi, hududlardagi haqiqiy holat va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati asosiy baholash mezonlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA