Energetika sohasida “yashil” islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda
Mamlakatimizda barcha sohalarni izchil rivojlantirish, islohotlarni tizimli davom ettirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu strategik hujjatda belgilab berilgan yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik va idoralarda aniq rejalar asosida amaliy ishlar olib borilayotir.
Energetika vazirligida Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan ushbu tadbirda vazirlik rahbariyati, tarmoq korxonalari va tizim tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.
Unda Prezidentimiz Murojaatnomasida energetika sohasini yanada isloh qilish, energiya resurslaridan samarali foydalanish, “yashil” energetikani rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya ta’minoti bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish muhim vazifa sifatida belgilandi. Unda korrupsiya davlat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekani ta’kidlanib, barcha idoralarda korrupsiyaga qarshi tizimli choralar amalga oshirilishi, monitoring va nazorat mexanizmlari kuchaytirilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Bu yo‘nalishda mas’ul shaxslar va bo‘limlar faoliyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish davomida ushbu vazifalardan kelib chiqib, yoqilg‘i-energetika tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor chora-tadbirlar, aniq reja va mexanizmlar belgilab olindi hamda mas’ul ijrochilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimovaning ta’kidlashicha, Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda ochiqlik, jamoatchilik bilan samarali muloqot va tizimli axborot siyosati muhim ahamiyat kasb etadi.
–Energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yirik loyihalar va yangiliklar bo‘yicha aholini o‘z vaqtida va xolis axborot bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida vazirlik tizimida olib borilayotgan ishlar haqida jamoatchilikka muntazam ma’lumot berib borish bundan buyon ham asosiy ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib qoladi, – dedi Dildora Hoshimova.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA