Energetika sohasida sun’iy intellektdan foydalanish qanday imkoniyatlarni ochadi?
Energetika vazirligida sun’iy intellekt texnologiyalarini energetika sohasida joriy etishga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Vazirlik tizimidagi mutasaddilar, tarmoq korxonalari vakillari hamda yoqilg‘i-energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etgan ushbu tadbirda sohada ushbu texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.

Tadbirda “SLB” kompaniyasi mutaxassislari o‘zlarining ilg‘or tajribasi va zamonaviy yechimlarini taqdim etdi. Ta’kidlash kerakki, “SLB” energetika hamda neft-gaz sohasi uchun yuqori texnologiyali muhandislik xizmatlari va raqamli yechimlar ishlab chiquvchi xalqaro kompaniya hisoblanadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt energetika tizimlarida ishonchlilikni oshirish, avariyalar xavfini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv davomida energetika tarmog‘ini raqamlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini sun’iy intellekt asosida optimallashtirish, uskunalarning texnik holatini oldindan prognoz qilish kabi yo‘nalishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, raqamli egizaklar (Digital Twin), sanoat interneti (IIoT) texnologiyalari, katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili hamda qaror qabul qilish samaradorligini oshirishga doir xalqaro tajriba ishtirokchilarga taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu seminar ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirib, amaliyotga yo‘naltirilgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA