Energetika sanoatining yangi imkoniyatlari
Energetika – mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan.
Energetika – mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan. Yurtimizda bu boradagi salohiyatni yanada mustahkamlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, yuksak samarali texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, energiya resurslarini tejashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaga xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ko‘plab qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgani ishlab chiqarish sifati va salmog‘ini oshirishga xizmat qilmoqda.Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-apreldagi «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘layotir.
“Angren” maxsus industrial zonasida faoliyat yuritayotgan “EGL-NUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati qisqa fursatda ilg‘or sanoat korxonalaridan biriga aylandi. Mazkur qo‘shma korxona 2013-yili “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning “EG Lightings” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan. Korxona tashqi va ichki obyektlar hamda sanoat korxonalarini yoritishga mo‘ljallangan energiya tejamkor diodli yorug‘lik lampalari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Qo‘shma korxonada tayyorlanayotgan yoritish moslamalari yuqori sifati, xalqaro standartlarga to‘la mosligi, turli iqlim sharoitiga chidamliligi, ekologik xavfsizligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 vattli 1 dona cho‘g‘lanma lampa 22 vattli lyuminessentli lampaga almashtirilsa, bir oyda 23,4 kilovatt soat elektr energiyasi tejaladi. Diodli yorug‘lik lampalarining tejamkorligi bundan-da yuqori. Masalan, 5 dona cho‘g‘lanma lampa diodli yorug‘lik lampaga almashtirilsa, bir oyda 135 kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
– Xonadonimizda yorug‘lik diodli lampalardan foydalanamiz, – deydi toshkentlik Komil Husanov. – Uning afzalliklari ko‘p ekan. Bu turdagi lampalar nafaqat elektrni, balki unga sarflanadigan mablag‘ni ham tejash imkonini bermoqda. Yana bir jihati, diodli yorug‘lik lampalari taratayotgan yog‘du ko‘zni charchatmasligi bilan ayniqsa bizga ma’qul bo‘lmoqda.
Inshootlaru ko‘chalarni nurafshon qilishga hissa qo‘shayotgan “EGL-NUR” korxonasi ishlab chiqarayotgan shunday lampalar har qanday mijozga manzur. Bundan foydalanib, korxona ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda. Misol uchun, 2015-yilda 174 ming dona mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, xaridorlar safi tobora ortayotgani bois joriy yilda bu ko‘rsatkichni 72 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahsulotlarni xorijga eksport qilishga alohida ahamiyat qaratilayotgani mazkur qo‘shma korxona faoliyatida ham qo‘l kelmoqda. Ayni paytda “EGL-NUR” o‘z mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qator mamlakatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
– O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlar uchun istiqbolli mamlakatlardan, – deydi “EGL-NUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Ji Xyung Suk. – Bu yerga sarmoya tikkan har qanday ishbilarmon ertaga undan yaxshi daromad olishidan ko‘ngli to‘q. Zotan, iqtisodiyoti barqaror, biznes imkoniyatlari keng, tinch va osuda mamlakatda ishlashga nima yetsin?! Shu tufayli jahonning ko‘plab yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonga katta sarmoya kiritib, o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishga oshiqmoqda. 2015-yilning 5-6-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda Koreya Respublikasining yuzdan ortiq kompaniyasidan ko‘plab biznesmenlar ishtirok etgani buning isbotidir. Boshqa qo‘shma korxonalar qatori bizning korxonamiz ham qator soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgani O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan ulkan imkoniyatdir.
Korxonada ishchilar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilgan.
– Ohangaron transport va servis kasb-hunar kollejida tahsil olganman, – deydi yig‘uvchi Ziyoda Hamroyeva. – Mazkur jamoada ikki yildan buyon mehnat qilaman. Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan “ustoz-shogird” an’anasi o‘z ishimni puxta o‘zlashtirishimga yordam berayotir.
Korxona jamoasi kelgusida yangi turdagi yoritish moslamalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni va tashqi bozorlarni zabt etishni maqsad qilmoqda.
Xorijiy sarmoyadorlar bilan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga va xalqimiz farovonligining yanada yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda.