Endi yerga shunchaki urug‘ qadash emas, balki aniq fan va texnologiya imkoniyatlariga tayanish kerak
Bugun hayotimizda “Nima eksang, shuni o‘rasan” degan dehqonchilik qoidalari ishlamay qolayotganday tuyuladi. Bu agrar sohada ham tavakkalchilik bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
Endi shunchaki yer haydab, urug‘ sochib kutishning davri o‘tdi. Zamonaviy qishloq xo‘jaligida har bir qaror aniq fan, tuproq tahlili va zamonaviy texnologiya imkoniyatlari hisobga olingan holda qabul qilinishi shart. Qaysi ekinni qachon ekish, unga qancha suv berish, qanday o‘g‘itdan foydalanish va tayyor hosilni qaysi bozorga olib chiqishni oldindan bilmay turib muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
Bugungi zamon dehqonchiligida asosiy mezon kamroq resurs sarflab, yuqori sifatli mahsulot yetishtirishdan iborat bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab qishloq xo‘jaligida aynan ana shunday ilmiy va oqilona yondashuvga asoslangan loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning yorqin misolini Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida ko‘rish mumkin.
Yillar davomida qarovsiz va suvsiz yotgan 2 ming 500 gektar cho‘l hududi bugun asta-sekin yashil maydonlarga aylanmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tashkil etilgan “O‘zagrostar xolding” va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan bu yerda ikkita yirik agroloyihaga aniq va puxta reja bilan qadam qo‘yildi.

– Cho‘l sharoitida ekin ekib, mo‘l hosil olish juda murakkab vazifa, – deydi “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muhiddinov. – Shu bois, loyiha ishi tavakkalchilikdan emas, aniq ilmiy tahlildan boshlandi. Chet eldan malakali mutaxassislar jalb etilib, hududning iqlim sharoiti, tuproq tarkibi va namlik darajasi sinchkovlik bilan o‘rganildi. Barcha agrotexnik tadbirlar shu o‘rganishlar asosida rejalashtirildi. Bu esa xorij agrotexnologiyalarini mahalliy sharoitga to‘g‘ri moslashtirish imkonini berdi.
Ta’kidlanishicha, loyihaning birinchi yo‘nalishida 1 ming 332 gektar maydonda chorva ozuqasi yetishtiriladi. Bu go‘sht va sut mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir. Chunki chorva uchun serhosil beda va makkajo‘xori yetishtirilsa, ozuqa bazasi mustahkamlanadi. Bu esa chorvachilik xo‘jaliklarida mahsulot tannarxining arzonlashishiga olib keladi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish esa mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda 300 gektar maydonda urug‘lik kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Kartoshka xalqimiz uchun “ikkinchi non” hisoblanadi. Ammo ilgari kartoshkachilikdagi eng katta og‘riqli nuqta sifatli urug‘likning yetishmasligi edi. Urug‘lik qimmat bo‘lardi, sifatiga esa hech kim kafolat bera olmasdi. Oqibatda dehqon qancha mehnat qilmasin, kutilgan hosilni ololmay sarson bo‘lgan.
Bu muammoga chek qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida “Bulung‘ur – Agro Star” korxonasi Niderlandiyaning mashhur “Agrico” kompaniyasidan 6 ming tonna elita kartoshka urug‘larini olib keldi. Esma, Arizona, Aluette, Pikasso va Agata kabi serhosil navlar yurtimizga keltirilib, aholiga hech qanday ustamasiz, arzon narxlarda tarqatildi.

Bu islohotning amaliy natijasi tez orada o‘zini ko‘rsatdi. Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil hududidagi 40 gektar maydonga ekilgan mazkur urug‘lardan gektariga o‘rtacha 40–50 tonnadan hosil olindi. Aholi tomorqalarida esa bu ko‘rsatkich gektariga 60 tonnagacha yetdi. Bu juda yuqori natija demakdir. Endi ana shu sifati va hosildorligi isbotlangan urug‘lar Nishon tumanining yangi o‘zlashtirilgan cho‘l maydonlarida ekilmoqda.
Zamonaviy dehqonchilikni suvni tejaydigan texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, suv resurslari cheklangan hozirgi davrda an’anaviy ariqlab sug‘orishdan voz kechish davr talabiga aylandi. Shu bois, Nishondagi kartoshkachilik loyihasi uchun Avstriyaning nufuzli kompaniyasidan qiymati 7,6 milliard so‘mlik 10 ta aylanma pivot sug‘orish tizimi olib kelindi.

Sug‘orish tizimini suv bilan ta’minlash uchun “Nishon” aylanma kanalidan 7 kilometr uzunlikdagi ikki qator quvur tarmog‘i tortildi va yangi transformator o‘rnatildi. Qolaversa, Niderlandiyadan urug‘ni avtomatik ravishda ekadigan zamonaviy texnikalar keltirildi. Loyihaga jalb qilingan misrlik mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday sug‘orish tizimi katta maydonlarni bir maromda va teng sug‘orish imkonini beradi. Suv isrof bo‘lmaydi, tuproq sho‘rlanmaydi. Eng muhimi, ekinga zarur bo‘lgan o‘g‘it va himoya vositalarini aynan shu sug‘orish tizimi orqali yetkazib berish mumkin.
Bu loyihalarning yana bir muhim tomoni shundaki, ular mahalliy dehqon va fermerlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabiga aylanmoqda. Atrofdagi agrar soha vakillari cho‘l o‘rtasida zamonaviy texnikalar va suv tejovchi tizimlar qanday ishlayotgani, ilmga asoslangan yondashuv qanday natija berayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda. Bu esa yangi texnologiyalarning butun hudud bo‘ylab tezroq ommalashishiga yordam beradi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va qishloq xo‘jaligiga yangicha madaniyat olib kirish yo‘lidagi katta qadamdir. Yangi maydonlarning qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritilishi va ilmiy yondashuvning joriy etilishi natijasida bozorlarimizda arzon va sifatli mahsulotlar ko‘payadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri