Endi uyimizning kadastr hujjati bor
Kadastr sohasiga oid aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, bu borada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodir Sidiqov hamda boshqarma mas’ullari tomonidan Baxmal tumanida o‘tkazilgan yig‘ilish ayni masalaga bag‘ishlandi.
Ochiq va o‘zaro suhbat tarzida o‘tkazilgan tadbirda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar tinglandi. Jumladan, Baxmal tumani Nurafshon mahallasi Tongotar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Ulmon Zikirayeva o‘zi yashab kelayotgan uy-joyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘radi. O‘rganishlar natijasida U.Zikirayevaning murojaati joyida hal etildi.

– Kadastr xodimlariga rahmat, murojaatimni e’tiborsiz qoldirishmadi, – deydi Ulmon Zikirayeva. – Yillar davomida uy-joyimizni hujjatlashtirishimiz kerak, deb o‘ylab yurardik. Huquqiy bilimimiz yetishmaganligi tufayli hujjatlashtirishga ko‘p pul ketsa kerak, deb o‘ylaganimiz bois ish ortga surilar edi. Mana bugun uyimizga kadastr xodimlari kelib, kadastr hujjatini berdi. Endi bizning uy-joyimizning ham kadastr hujjati bor.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA