Endi mahallaning o‘z poliklinikasi bor
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani "Katta boybucha" MFYda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish maqsadida 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga davlat dasturi asosida barpo etilgan uch qavatli 26-sonli oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.
Yangi poliklinika mahalla aholisi uchun muhim ijtimoiy ob’ekt bo‘lib, fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda alohida ahamiyat kasb etadi. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy va qulay tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Poliklinikaning zamonaviy talablar asosida barpo etilgani, tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilgani va aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaygani alohida e’tirof etildi. Poliklinika xonalari tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur barcha jihozlar bilan ta’minlangan. Bemorlarga esa qatnab davolanish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA