Endi kadrlar ochiq tanlov asosida tanlanadi
Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar singari davlat boshqaruvi va inson resurslarini rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri – kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yish ekani ta’kidlandi.
Yangi O‘zbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi rahbar va boshqaruv kadrlar tizimini yangilash sohasida ham islohotlar jarayoni boshlandi va izchillik bilan olib borilyapti. Bu jarayon yangidan tarkib topayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning mohiyatini anglab, mustaqillik talablariga javob beradigan yangi rahbar kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ilk bosqichlarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va joy-joyiga qo‘yish sohasida salmoqli natijalarga erishildi va milliy mentalitetga xos bo‘lgan tizim shakllantirildi.
Biroq milliy tajriba bugungi kunga kelib davlat organlari va tashkilotlari malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlanmayotgani, kadrlar malakasi yuklatilgan vazifalar, zamonaviy ehtiyojlarga nomuvofiqligi, qabul qilinayotgan qarorlar sifati pastligiga olib kelayotgan bir qator tizimli muammolar kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimida yangi islohotlar o‘tkazilishini taqozo etayapti. Ammo davlat fuqarolik xizmatiga kirish istagini bildirgan nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega qonun mavjud emas. Shu va boshqa kadrlar siyosati bilan bog‘liq bo‘lgan tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari, tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi.
Taraqqiy etgan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etishdagi asosiy vazifalardan biri “ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish” ekanini ko‘rish mumkin. Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori bo‘lgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinadi.
Meritokratiya o‘zi nima va u qachon paydo bo‘lgan?
Meritokratiya (so‘zma-so‘z tarjima qilinganida “munosib kuch”, lotincha “meritus” – “loyiq” va qadimgi yunoncha “hokimiyat, hukumat” ma’nolarini bildiradi) boshqaruv tamoyilidir. Unga ko‘ra, shaxslarning ijtimoiy va moliyaviy jihatidan qat’i nazar, eng qobiliyatli odamlar yetakchi o‘rinlarni egallashi kerak, degan mazmunda ifodalanishi mumkin.
Bu tushunchani ilk bor Konfutsiy falsafasi doirasida uchratish mumkin. Bir qator tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy tarixining ba’zi davrlarida meritokratik tizim tatbiq etilgan bo‘lib, Xun sulolasi davrida 3 bosqichli imtihonlar tizimi keng qo‘llanilgan. Ular yordamida san’at, konfutsiylik va ma’muriy muammolarni yaxshiroq tushunadigan odamlar hokimlikka tayinlangan.
Garchi imkoniyat tengligi nazariyasi meritokratiya prinsipiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid bo‘lsada, meritokratiya odamning iste’dodi va fazilatlariga qarab imkoniyatlarni belgilaydi va ularga ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng imkoniyatlar yaratiladi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda Buyuk Britaniyada imtihonlardan o‘tishni talab etadigan kasblar (yuristlar, shifokorlar) ko‘plab ishchilar qatlamidan bo‘lgan odamlarning o‘rta sinfga o‘tishiga yordam berdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida meritokratiya prinsipi allaqachon tatbiq etilgan va amerikaliklar har kim shaxsiy yutuqlari faqat uning qobiliyatiga, mehnatsevarligiga, munosabati hamda axloqiga bog‘liq ekaniga ishonishadi.
Kuch ochiq tanlovda sinaladi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish doimiy ravishda tashkillashtirilmoqda. Shu maqsadda agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali —vacancy.argos.uz ishlab chiqildi. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni mehnat va kadrlar ishiga oid barcha internet platformalari mazkur portal bilan integratsiyalashgan. Portal interaktiv bo‘lishi bilan birga nomzodlar uchun qator imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar bir yo‘la davlat organining uchtagacha bo‘sh ish o‘rni uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza yuboriladigan tashkilotlar soni chegaralanmagan. Vakant ish joyiga bo‘lgan malakaviy talablar ish beruvchi tomonidan barcha uchun teng tamoyil asosida belgilanadi.
Bu amaliyot qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan kadrlar tashkilotma-tashkilot ko‘p hujjatlarni ko‘tarib ovora va sarson bo‘lmaydi. Turli idoralardan ortiqcha ma’lumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi.
Portal orqali joriy yilda sinov asosida 4 ta vazirlik va idora bilan ochiq tanlovlar o‘tkazilishi belgilanganiga qaramasdan, davlat organlari, mahalliy hokimliklar tomonidan mavjud vakant lavozimlarni ushbu platforma orqali to‘ldirish uchun murojaatlar kelib tushmoqda. Boisi, ushbu tizim birinchi navbatda ochiq va eng asosiysi shaffof. Portalga ariza bilan murojaat qilgan nomzod barchasi ochiq-oydin ekanini ko‘rganidan so‘ng davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi.
Meritokratiya tamoyili orqali o‘tgan davr mobaynida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Qishloq xo‘jaligi, Moliya, Xalq ta’limi vazirliklari, shuningdek, 50 dan ortiq tuman va shahar hokimliklarining jami 250 ga yaqin vakant lavozimlari bo‘yicha e’lon qilingan tanlovlarda 12 mingdan ortiq nomzod qatnashish uchun hujjat topshirdi, ya’ni o‘rtacha 45 kishi bitta o‘ringa ochiq tanlov asosida kurash olib bordi. Ayni paytgacha ushbu platforma orqali tashkil etilgan tanlovlar natijalariga ko‘ra, 220 nafar eng munosib nomzod davlat organi va tashkilotlariga ishga qabul qilindi. Ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinganlarning 20 nafari oliy ta’lim muassasalarini 2019 yilda tamomlagan bo‘lsa, 19 nafari 2020 yilda tugatgan.
Bu tizimni joriy etishga tashkilot va idoralarning kadrlar bo‘linmalari qay darajada tayyor, ular yangicha tizimning drayveri bo‘la oladimi?
2020 yilning sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimlarining kadrlar bo‘linmalari rahbarlari uchun “Inson resurslarini boshqarish” mavzusida masofaviy shaklda malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. O‘quv jarayonlarida kadrlarni tanlash va ular bilan ishlash borasida zamonaviy usullarni qo‘llash, davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli kadrlarni jalb qilish, bu jarayonda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarning eng kichik nuqtalarigacha bo‘lgan mezonlar yaqqol misollar va amaliy namunalar bilan ko‘rsatib berildi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor...
Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali O‘zbekistonda ilk bor tuman va shahar hokimi o‘rinbosari lavozimiga ochiq tanlovlar e’lon qilindi. Bu kutilganidan ham ijobiy samara berdi. Natijada o‘nlab munosib nomzodlar orasidan bilim, ko‘nikma va salohiyati yuqori bo‘lgan kadrlar Yangiariq tumani, Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari lavozimlariga ishga qabul qilindi. Shu bilan birga Prezidentimizning farmoniga muvofiq, ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishmasdan turib lavozimdan ozod qilinishi mumkin emas. Bu ham qaysidir ma’noda davlat fuqarolik xizmatchilari haq-huquqlarining to‘la-to‘kis himoyasiga qaratilganidan dalolat.
Natijaga qaratilgan reja
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari davlat reyestrini yuritish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portalini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Xususan, eng asosiy vazifalardan biri, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilishini ta’minlashdir. Ikkinchi asosiy masala bu – milliy kadrlar zaxirasi borasidagi ishlarni jadallashtirishdan iborat. Davlat fuqarolik xizmatchilari sifat tarkibini yaxshilash, davlat organlari va tashkilotlarining malakali mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirish, meritokratiya prinsipini qo‘llash, xizmat pog‘onalarida o‘sishini monitoring qilish va qo‘llab-quvvatlash – Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishning asosiy maqsadi hisoblanadi. Zaxirani shakllantirish va yuritish “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi orqali amalga oshiriladi.
Ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazilishi davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishiga, davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlashga olib keladi.
Ilhom Qurbonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri