Ellikqal’ada yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Amirobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy 70-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman hokimligi, mas’ul tashkilotlar vakillari, ta’lim sohasi xodimlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu ta’lim markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qurildi. So‘zga chiqqanlar umumiy qiymati 11 milliard 182 million so‘m bo‘lgan 330 o‘rinli zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan maktab binosi o‘quvchilar uchun qulay va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishini qayd etdi.

Yangi ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi hududda ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, yosh avlod uchun zamonaviy sharoitlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam, eng asosiysi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri