Elektrotexnika sanoati rivojlanmoqda
Milliy matbuot markazida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida sanoat tarmoqlarini diversifikatsiyalashga qaratilgan izchil islohotlar samarasida elektrotexnika sohasi izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “2014-2018-yillarda respublikada elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarmoq rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi.
2005-yilda tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 80 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 trillion 300 milliard so‘mga yetgan. So‘nggi yillarda energetika, neft-gaz va tog‘-kon sanoatlariga, ijtimoiy soha obyektlariga 1 trillion 5 milliard so‘mdan ziyod mahsulot yetkazib berilgan.
Kompaniya tizimida kabel, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatuvchi qirqdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning o‘ttizga yaqini eksport faoliyatiga jalb etilgan. Keyingi yillarda yangi maishiy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin korxona tashkil etildi.
2016-yilning birinchi yarmida kompaniya tizimida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 630,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Korxonalar tomonidan 218,5 milliard so‘mlik xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarildi. Elektr changyutgich va kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish sezilarli darajada o‘sdi. Jami ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 22 foizi eksportga yo‘naltirildi.
2016-2019-yillarda “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi tomonidan hududlarni iqtisodiy rivojlantirish va qishloqqa sanoatni olib kirishni jadallashtirishga qaratilgan 95 loyihani amalga oshirish belgilangan. Natijada besh mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
2030-yilgacha sohada 1 milliard dollarga yaqin sarmoya o‘zlashtirilib, 22 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Anjumanda elektrotexnika sanoatiga doir qonunchilik bazasi va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, sanoat ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh, zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, tarmoqqa zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etishni jadallashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.