Elektr hisoblagichlar yangilariga almashtirilmoqda
“Navoiy hududiy elektr tarmoqlari” AJda “Energetika tizimi: islohotlar yo‘lida” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari Ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida 2022 yilda rejalashtirilgan ustuvor vazifalar haqida so‘z bordi.
bugungi kunda aksionerlik jamiyati hisobida jami 13 ming 412 km 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari, 95 dona nimstansiyalar, 3 ming 621 dona 6-10/0,4 kVli transformator punkti mavjud.
– 2021 yilda 1333 km elektr uzatish tarmoqlari, 5 dona nimstansiya, 343 dona transformator punktlarida mukammal hamda 2926,5 km havo elektr uzatish tarmoqlari, 50 dona nimstansiya, 826 dona transformator punktlarida joriy ta’mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi, – deydi “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari” AJ iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktori Mehriddin Zaripov. – Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2021 yil rejasiga asosan 986,7 km elektr uzatish tarmoqlari va 210 dona transformator punktida modernizatsiya va yangidan qurish ishlari amalga oshirildi.
Navbahor, Karmana Nurota, Konimex tumanlaridagi 25 ming 400 nafar iste’molchi va 1100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Hozirda “Xatirchi KSZ”, aholi va ulgurji iste’molchilarning tashqi elektr ta’minoti uchun 110/10 kVli “Markaz” podstansiyasiga quvvati 2 ta 16 mVA bo‘lgan kuch transformatorlari o‘rnatilgan bo‘lib, qurilish ishlari davom etmoqda. Buning natijasida 9 ming 300 nafar iste’molchilar va 700 ta tadbirkorlik sub’ektining elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Ta’kidlandiki, 2022-2026 yillarda Navoiy viloyati hududida elektr energiya ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida qariyb 1756 km elektr tarmoqlari va 872 dona transformator punktlarini yangidan qurish, 3217 km elektr tarmoqlari va 377 dona transformator punktlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish maqsadida 974,7 km elektr uzatish tarmoqlari va 250 dona transformator punktini modernizatsiya va yangidan qurish rejalashtirilgan.
[gallery-6555]
Bundan tashqari, ishlab chiqarilgan rejaga asosan 21 ta og‘ir hududdagi mahallalarda 36 ta transformator punktlari va 82,2 km tarmoq qurish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 15 dona transformator punkti va 49,7 km elektr tarmoqlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.
Manzilli dasturga asosan, esa 2022-2026 yillarda qariyb 4973 km elektr uzatish tarmog‘i, 1235 dona transformator punkti va 14 ta nimstansiyani rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, 114 ming 373 donadan ortiq temir beton ustunlarini ishlab chiqarib, o‘rnatish rejalashtirilgan.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” (ASKUE) ni 2020-2021 yillar davomida joriy etish yuzasidan tasdiqlangan rejaga asosan viloyat bo‘yicha 260 ming 941 dona hisoblagichlar almashtirildi, – deydi AJ ishlab chiqarish texnika bo‘limi boshlig‘i Husniddin Xudjayev. – Bundan tashqari 3073 ta hisoblagichga ma’lumotlarni yig‘ish va uzatish konsentratorlari o‘rnatildi. bugungi kunda ushbu tizim orqali barcha elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlari onlayn tarzda olinib, hisob-kitoblar shu ma’lumotlarga asosan yuritilmoqda.
Ushbu hisoblagichlardan noqonuniy foydalanish yoki tashqi ta’sir o‘tkazish mumkin emas. Agarda shunday holatlar yuzaga kelsa, hisoblagich darhol elektr energiyasi ta’minotini to‘xtatadi va tizimga xabar jo‘natadi. Elektr tarmog‘i korxonasi xodimi muammoni joyida o‘rganib, tegishli dalolatnoma tuzadi va kamchiliklarni bartaraf etib, qayta tarmoqqa ulab beradi.
Ushbu tizimning qulayligi shundaki, elektr energiyasidan qarzdorlik yuzaga kelganda, tizim avtomatik ravishda tarmoqdan uziladi. Iste’molchi tomonidan kunning istalgan vaqtida to‘lov amalga oshirilganda avtomatik tarzda tarmoqqa qayta ulanadi.