Elektr energiyasi uchun asossiz to‘lovlar qayta hisoblanadi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda elektr energiyasi ta’minoti tizimida shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish va asossiz qarzdorlik holatlariga chek qo‘yish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, davlat va ta’lim muassasalariga nisbatan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatida qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash masalasi ham doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatidagi ikki yirik ta’lim muassasasiga elektr energiyasi uchun asossiz hisoblangan qarzdorlik holati aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot institutining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filiali Buxoro bo‘linmasi harakatlaridan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan 2 ta ta’lim tashkilotiga oshirilgan tarif qo‘llanilishi evaziga 1,8 mlrd. so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblanganlik holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha 2 ta sub’ektga asossiz hisoblangan 1,8 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilish, mazkur qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
N.Rahmonova, O‘zA