Elektr energiyasi ishlab chiqarishda yangi quvvatlar barpo etilmoqda
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakat energetika tizimini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shunday muhim tashabbuslardan biri Navoiy issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan yirik loyiha bo‘lib, u nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida tarmoq samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, ayni kunlarda Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi jadal sur’atlarda olib borilyapti.
Qurilish ishlarida 2400 dan ortiq mutaxassis ishtirok etyapti. Ularning asosiy qismini mahalliy kadrlar tashkil etgan holda, texnik ishlarga xorijiy muhandis-texnik mutaxassislar ham jalb qilingan. Shuningdek, ob’ektda 200 dan ziyod maxsus texnika vositalari ishga solingan.
Loyiha doirasida boshqaruv binolari, gaz va bug‘ turbinalari, generatorlar, qozon-utilizator, suv sovutish minorasi hamda boshqa asosiy va yordamchi inshootlar barpo etilmoqda. Qurilmalar sifati va ishonchliligini ta’minlaydigan Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Koreya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilyapti.
Ushbu zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilgach, yiliga qo‘shimcha 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 200 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish va 870 million metr kub tabiiy gaz zaxirasini tejash imkoniyati yaratiladi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur loyiha mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA