Elektr energiyadan foydalanish nazoratga olinmoqda
Qaror va ijro
Prezidentning 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyatida 1 milliard 180 million kilovatt soat elektr energiyasi va 808 million 400 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishi belgilangan.

Joriy yil 27 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda elektr energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va resurslarni tejash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatining 22 ta shahar va tumanlarida joylashgan yirik iste’molchilar hamda energiya ta’minot korxonalarida energiya samaradorligi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarga hududdagi 7 ta oliy ta’lim muassasasidan 232 nafar professor-o‘qituvchi va ilmiy xodim jalb qilingan. Ular hududlardagi yirik va o‘rta energiya iste’molchilari hamda sanoat korxonalarining energiya sarfini o‘rganib, aniqlangan holat yuzasidan tahliliy ma’lumot yig‘ilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati hokimligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, mahalliy hokimliklar hamda prokuratura mutasaddilari hamkorligida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan Chirchiq shahri, Qibray va Parkent tumanlaridagi podstansiyalar, transformatorlar, elektr tarmoqlari, gaz tarqatish qurilmalari, ishlab chiqarish korxonalarining texnologik jarayon va energiya uskunalarida o‘lchov-nazorat ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, tadbirkorlar va aholi orasida energiya tejovchi qurilmalar hamda quyosh panellarining afzalliklari va ularga beriladigan imtiyozlar haqida mutaxassislar tomonidan mahallabay tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borildi.
A.Musayev,O‘zA.