El-yurtning umidiga aylaning
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyatdagi umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan faol talabalar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ullari, mazkur jamg‘arma stipendianti bo‘lib, yuqori natijalarga erishgan yoshlar ishtirok etdi.
– 2018-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan jamg‘armamiz davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi farmoni bilan qayta tashkil etildi, – dedi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova. – Jamg‘armamizning asosiy maqsadi dunyoning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida ta’lim olgan yangi avlod yetakchilari va mutaxassislar jamoasini shakllantirishdan iborat. Ular Vatanga qaytib kelib, ilg‘or bilimlarni joriy etish, davlat institutlarini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, raqamlashtirish, madaniyat va boshqa muhim sohalarni yangi bosqichga ko‘tarish orqali Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. 2018-2025-yillarda jamg‘arma tomonidan 2300 nafarga yaqin stipendiat 45 mamlakatga ta’lim olishga yuborildi. Bugungi kunda 1400 nafardan ortiq bitiruvchi yurtimizga qaytib kelib, iqtisodiyot, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Har yili ikki marta e’lon qilinadigan tanlovlarimiz orqali 700 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar saralanib, dunyoning nufuzli TOP-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil oladi. O‘tgan yilgi stipendiantlarimizning 80 foizi TOP-100 talik universitetlarga o‘qishga qabul qilindi. Ular safida qizlarning ulushi ham sezilari darajada oshmoqda. Avvallari stipendiantlarning 8 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 30 foizga yetdi. Stipendiat bo‘lish uchun har bir iste’dodli yoshning aniq maqsadi, davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan loyihasi bo‘lishi lozim. Ular xorijdagi nufuzli universitetlarda bakalavriat, magistratura yoki doktoranturada tahsil olib yoki maqsadli stajirovka dasturlarida qatnashib kelib, o‘z bilim va salohiyati bilan davlatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Shuni unutmaslik kerakki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi iqtidorli yoshlar uchun Prezident ishonchi, davlat yaratib bergan imtiyozdir.
Uchrashuvda jamg‘arma stipendiya tanlovlarida qatnashish tartiblari, maqsadli stajirovka va boshqa masalalar yuzasidan yoshlarga batafsil tushuncha berildi, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. Shuningdek, “El-yurt umidi” orqali xorijda tahsil olgan stipendiantlar o‘z hayotlarida jamg‘armaning o‘rni va bugungi faoliyatlari haqida gapirib berdi.
[photobank-31777]
– Men Samarqand davlat chet tillar institutini bitirib, 2017-yilda Koreyaning Sejong universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilinganman, – deydi Sanjar Jumanazarov. – 2020-yilda O‘zbekistonga qaytib, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida faoliyat yuritdim. 2023-yilda 4 ta xalqaro universitet grantini yutdim va “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti bo‘ldim. Jamg‘arma yaratib bergan imkoniyat tufayli dunyoga mashhur Oksford universitetida o‘qib, turizm, madaniy meros bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlar olib bordim. Maqsadim yurtimizda mavjud madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va ulardan turizmni yanada rivojlantirishda samarali foydalanish. Bugungi kunda Samarqanddagi Butunjahon turizm tashkilotining xalqaro turizm akademiyasida faoliyatimni davom ettiryapman. Men o‘z hayotim misolida aytishim mumkinki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi iste’dodli yoshlar uchun Prezidentimizning yuksak e’tibori, ishonchi ramzidir.
Shu kabi uchrashuvlar Samarqand davlat texnika universitetida, Jomboy tumanida ham o‘tkazildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari