“El-yurt umidi” yoshlari – kelajagimiz egalari
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga mos vatanparvar, tashabbuskor iqtidorli, salohiyatli kadrlarni izlab topish, rivojlangan xorijiy davlatlarda ularning bilimi, malakasini oshirish, yoshlarimizni dunyodagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlarida o‘qitish zamon talabi.
Xalqning ishonchi, umidi ifodasi sifatida yuzaga kelgan “El yurt umidi” jamg‘armasi oldiga ana shunday muhim va mas’uliyatli vazifa qo‘yilgan. 2018 yil 25 sentyabrda tashkil etilgan mazkur jamg‘armaning eng asosiy maqsadlaridan biri iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistraturada o‘qitish, turli soha vakillari malakasini oshirishdan iborat. Bundan tashqari xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatish orqali ularni mamlakatimizda jadal kechayotgan yangicha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonga jalb etish ham jamg‘arma faoliyatining muhim jihatlaridan biri.
Har yili jamg‘arma tomonidan e’lon qilinadigan stipendiya tanlovlarida vazirlik, idoralar mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, asosan, yoshlar faol ishtirok etib kelmoqda. Sinovlarda g‘olib bo‘lgan mingdan ziyod mutaxassis bugungi kunda magistratura, doktorantura, malaka oshirish dasturlari orqali 30 ga yaqin xorijiy davlatning 200dan ortiq universitetida tahsil olib qaytdi. Hozir ham, pandemiya sharoitiga qaramasdan, ko‘plab yosh mutaxassislarimiz chet elda o‘qishini davom ettirmoqda.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yildan boshlab jamg‘arma orqali ilk bor bakalavr dasturiga stipendiya ajratilishi, shuningdek magistratura va doktorantura yo‘nalishida nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olayotganlar uchun stipendiya miqdorini besh barobar oshirish belgilandi, - deydi “El yurt umidi” jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov. - Shu maqsadda jamg‘arma mamlakatimizda innovatsion salohiyatini yanada rivojlantiradigan, kreativ fikrlaydigan iste’dodli yoshlar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqot markazlari pedagoglari uchun stipendiya tanlovlari e’lon qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida jamg‘arma tomonidan o‘tkazilayotgan tanlov shartlari soddalashtirilib, stipendiyalar bilan bog‘liq bir qator yengilliklar joriy etildi. Xususan, avvallari ishtirokchilar to‘rt bosqichda saralangan bo‘lsa, hozir tanlov 2 bosqichda amalga oshirilyapti. Bundan tashqari hujjat qabul qilish jarayoni to‘liq raqamlashtirilib, onlayn tizimga ko‘chirildi. Eng muhimi, stipendiya tanlovlarini yil davomida bir necha bor o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Yana bir diqqatga molik jihat: jamg‘armaga har yil davlat byudjetidan muayyan mablag‘ ajratilar, avvallari shu pulning ishlatilmay qolgan qismi davlatga qaytarilardi. Endilikda ortgan mablag‘ keyingi yil stipendiya tanlovlari g‘oliblariga yo‘naltirilmoqda. Bu stipendiant kvotalar ko‘payishiga xizmat qiladi.
Pandemiya holatidan kelib chiqib, magistratura dasturiga tenglashtirilgan klinik ordinatura yo‘nalishi tashkil etildi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga muvofiq, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya, yurak qon-tomir kasalliklari singari tibbiyotimizning birmuncha oqsagan yo‘nalishlari bo‘yicha ikki yillik ordinatura ochildi. Shu asosda ayni payt 35 nafar yosh tibbiyot xodimi o‘z bilimini boyitib, tajriba oshirmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan bugungi kunga qadar 1400ga yaqin iste’dodli, salohiyatli yoshlar xorijiy davlatlarda ta’lim oldi. Ularning 300 nafardan ziyodi tahsil olishda davom etyapti.
Jamg‘arma tomonidan stipendiantlarning o‘qish, shartnoma, yashash, turar-joy, mahalliy va xalqaro transport xarajati to‘liq qoplab beriladi. Yoshlarimizning yiliga bir marta O‘zbekistonga kelib-ketishi ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, sug‘urta to‘lovi, adabiyot bilan ta’minlash, ilmiy maqola chop etish, laboratoriya mashg‘uloti singari imtiyozlar ham mavjud.
Javohir Ahmedov ta’kidlashicha, joriy yil kosmik texnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, elektr energetikasi, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari, mashinasozlik, agrar sohaning chorvachilik, parrandachilik kabi muhim yo‘nalishlari uchun jami 420 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlari e’lon qilindi. Bakalavriat dasturi uchun 120, magistraturaga 180, doktorantura ta’lim yo‘nalishiiga 120 nafar talabgor uchun stipendiya ajratildi. Barcha ta’lim dasturlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kamida 20 o‘rin ajratilib, bunday yoshlarimizga alohida e’tibor qaratiladi. Hujjatlar 2022 yil 10 fevralga qadar qabul qilindi: birinchi bosqichda uch mingga yaqin nomzod ro‘yxatdan o‘tdi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 barobar oshirish, bu jarayonda yoshlarning 50 foizini texnik va aniq fanlar hamda IT sohasiga yo‘naltirish asosiy vazifa etib belgilandi. Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida qatnashish maqsadida jamg‘arma tomonidan ochiq tanlov e’lon qilinadi. Ochiq tanlov tartibi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazish, hududlarda tushuntirish olib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilanyapti.
El-yurt umidi jamg‘armasi yurtimizning umidi, ishonchi bo‘lgan iqtidorli yoshlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochishda davom etmoqda. Imtiyoz va qulaylikdan samarali foydalanib, yuksak bilim, malaka va tajriba o‘zlashtirayotgan o‘g‘il-qizlarimiz bisyor. Ular kelajakda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, jahon hamjamiyatida yuqori o‘rin egallashiga munosib hissa qo‘shishi, shubhasiz.
Go‘zal SATTOROVA,
O‘zA muxbiri