“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida ochiq muloqot
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan targ‘ibot seminari tashkil etildi.
Ushbu tadbir mamlakatimiz hududlarida xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablari mas’ullari va bitiruvchi sinf o‘quvchilari, yoshlar yetakchilari, yosh davlat xizmatchilari ishtirok etdi.
[gallery-31794]
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi — iqtidorli yoshlar va istiqbolli mutaxassislarni xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda tayyorlash, ularning bilim va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Jamg‘arma 2018-yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida uning faoliyati yangi yondashuvlar asosida qayta tashkil etildi. Bugungi kunda jamg‘armaning asosiy maqsadi — dunyoning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlarida tahsil oladigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallaydigan, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yangi avlod istiqbolli kadrlarini tayyorlashdan iborat.
Uchrashuvda mas’ul xodimlar jamg‘arma faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida belgilangan vazifalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, ochiq stipendiya tanlovlarini o‘tkazish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Stipendiatlar xorijda o‘qishni tugatganidan so‘ng ularni mamlakatimizda munosib ishga joylashtirish, kasbiy va mansab pog‘onalarida ko‘tarish, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
“El-yurt umidi” kunlari doirasida bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotlar, mahorat darslari va motivatsion uchrashuvlar yoshlarga dunyoning nufuzli jahon ta’limiga yo‘l barcha uchun — yashash joyi, ijtimoiy mavqei yoki oilasining daromad darajasidan qat’i nazar — ochiqligini ko‘rsatadi. Ushbu tashabbus jamg‘arma faoliyatining strategiyasi — “hech kim chetda qolmasligi kerak” degan asosiy tamoyilini aks ettiradi.
Tadbirlar iqtidorli maktab o‘quvchilari va talabalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, shuningdek, davlat xizmatchilari uchun sifatli ta’limga teng kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganligi qayd etildi.
Shu mavzudagi targ‘ibot seminari Nukus shahridagi Prezident maktabida, Chimboy tumani hokimligida ham bo‘lib o‘tdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari